O‘zbekiston | 14:57 / 12.06.2025
2741
3 daqiqa o‘qiladi

“Markaziy Osiyo kuchli bo‘lishi kerak” – Yevroparlament deputati

Kun.uz bilan suhbatlashgan Yevropa parlamenti deputati fikricha, O‘zbekiston hozirdanoq mustaqilligini himoya qilishga tayyor bo‘lishi kerak. Jahondagi geosiyosiy vaziyat bizdan va Markaziy Osiyodan kuchli bo‘lishni talab qilmoqda. Davlatchiligingizni asrash – konstitutsion majburiyatingizdir, deydi Yevroparlament deputati Petras Avstrevichius.

Markaziy Osiyo jurnalistlaridan iborat jamoa shu kunlarda Bryusselda bo‘lib, qator uchrashuvlarda qatnashmoqda. 11 iyun kuni Yevropa parlamenti deputatlari OAV vakillari bilan muloqot qilarkan, mintaqa siyosati, harakatlari xususida o‘z fikrlarini bildirishdi. Markaziy Osiyo va Afg‘onistonni o‘rganib keluvchi deputat, iqtisodchi, asli litvalik diplomatga ko‘ra, Rossiya diplomatiyani tushunmaydi. Shuning uchun, masalan, O‘zbekiston ham hozirdanoq Ukraina yuzlashgan mojaroga tayyor turishi kerak.

- Siz hozirgina Ukraina urushi va mojaro bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari pozitsiyasi haqida gapirdingiz. O‘zbekiston urush diplomatiya bilan yakunlanishini istaydi, umuman olganda siz mana, Yevroparlamentda turib bu mintaqaning siyosatini qanday kuzatasiz?

“Bilasizmi, Rossiya juda-juda agressor davlat. Rossiya o‘zining eng yaqin qo‘shnisiga agressorlik qildi, ya’ni Ukrainaga. Lekin Ukraina bizning ham qo‘shnimiz. Siz hozir diplomatiya dedingiz, qanaqa diplomatiya, Rossiya diplomatiyani tushunadimi? Yaqin orada rus diplomatiyasini ko‘rsatuvchi nimanidir ko‘rdingizmi? Qo‘shnilariga qarshi propagandadan boshqa narsa yo‘q. Men o‘ylaymanki, kuchli bo‘lishimiz kerak. Bu Markaziy Osiyoga ham taalluqli, siz hozirdan o‘zingizning milliy mudofaangizni kuchli qilishingiz kerak. Bu sizning konstitutsional mas’uliyatingiz hisoblanadi. Yana bir gap - mustaqilligingizni vaqti kelib himoya qilishga ham tayyor turing, bu sizga bozordagi chegirma emas. Siz mustaqil qolishingiz qarorini Kremldan izlamang, ular emas buni belgilovchi”, - deydi Yevroparlament a’zosi Avstrevichius.

Muloqot davomida Yevroparlament deputatlari Markaziy Osiyo mamlakatlarining BMTdagi Ukraina bo‘yicha rezolyutsiyaga bergan neytral ovozlaridan hayratda qolganini aytib o‘tishdi. Yaqindagina Qirg‘izistonning O‘sh shahrida Leninning haykali olib tashlandi, lekin bu 30 yil avval qilinishi kerak bo‘lgan ish edi, deydi Yevroparlamentdagilar.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid