Jahon | 11:31 / 13.06.2025
9819
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil Eronga «ogohlantiruvchi zarba» berganini ma’lum qildi. AQSh amaliyotda ishtirok etmaganini bildirdi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu hali birinchi bosqich ekani va zarbalar «qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt» davom ettirilishini ma’lum qilgan.

Foto: Prime Minister's Office

Isroil jumaga o‘tar kechasi Erondagi nishonlarga zarba bera boshladi. Mamlakat rasmiylari Eron yadro dasturiga hujum qilganini ma’lum qildi va Tehronning javob zarbalariga tayyorlanib, favqulodda holat e’lon qildi.

Binyamin Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, Tehron to‘qqizta atom bombasini ishlab chiqarish uchun yetarli darajada yuqori boyitilgan uranga ega bo‘lgan, so‘nggi oylarda esa bu uranni yadro quroliga aylantirish uchun «qadamlar qo‘ygan».

«Biz Eron yadroviy dasturining yuragiga zarba berdik. Biz Natanzdagi uranni boyitish bo‘yicha asosiy obektni nishonga oldik. [...] Shuningdek, biz Eronning ballistik raketalar yaratish dasturining yuragiga zarba berdik», – degan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu videomurojaatida va harbiylar Eronning yadroviy olimlarini ham aniq nishonga olganini qo‘shimcha qilgan.

Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya Eron tomonidan tahdidni bartaraf etish uchun qancha kun kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi.

«Agar Eron to‘xtatilmasa, u juda tez orada yadro quroliga ega bo‘lishi mumkin. Bu bir yil bo‘lishi mumkin, bir necha oy bo‘lishi mumkin. Bu Isroilning mavjudligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri va aniq tahdiddir», – deydi Netanyahu.

Operatsiya boshlanganini e’lon qilarkan, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats mamlakatda «alohida favqulodda holat» joriy etilgani va Eron tez orada javob hujumi boshlashi kutilayotganini aytdi.

«Isroil davlatining Eronga preventiv zarbasidan so‘ng yaqin vaqtlar ichida Isroil va uning tinch aholisiga raketa va dronlar bilan hujum qilinishi kutilmoqda», – deyiladi bayonotda.

Eron davlat ommaviy axborot vositalari Isroil Tehron va boshqa shaharlardagi turar joylarga zarbalar bergani haqida yozgan.

Zarbalar oqibatida Tehronda vayron bo‘lgan turar joy binolari tasvirlari e’lon qilingan.

Avvaliga Islom inqilobi muhofizlari korpusining Eron poytaxtidagi shtab-kvartirasiga zarba berilgani xabar qilingandi.

Keyinroq zarba oqibatida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Korpus Isroildan uning o‘limi uchun qasos olishga va’da berdi.

Undan tashqari yana ikki yuqori martabali harbiy qo‘mondon – Eron qurolli kuchlari birlashgan shtab bosh qo‘mondoni general Muhammad Bag‘iriy va Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari – «Xatam-al-Anbiya» markaziy shtabi qo‘mondoni, general G‘ulom Ali Rashid ham halok bo‘lgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, olti nafar yadrochi olim, xususan Eron atom energetikasi tashkilotining sobiq rahbari Fariddun Abbosiy va fizik Muhammad Mahdiy Tehronchi ham o‘ldirilgan.

Tehronda nishonga olingan harbiylardan birining kvartirasi joylashgan ko‘p qavatli uyda zarba oqibatlari

Birinchi bosqich

Isroil mudofaa kuchlari vakilining aytishicha, Isroil harbiylari Eron yadroviy dasturiga zarba berish bo‘yicha «oldini oluvchi, aniq va aralash operatsiya» boshlagan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, zarbalar «Eron rejimining Isroilga qarshi davom etayotgan tajovuzi»ga javoban berilgan.

Qayd etilishicha, Eronning turli hududlariga zarba berish bo‘yicha operatsiyaning birinchi bosqichida Isroilning 200 ta qiruvchi samolyotlari ishtirok etgan, ular nishonlar tomon 330 dan ortiq raketalar uchirgan.

«Bugun Eron yadro quroliga ega bo‘lishga har qachongidan ham yaqinroq. Eron rejimi qo‘lidagi ommaviy qirg‘in quroli Isroil davlati mavjudligiga tahdid soladi va butun dunyo uchun jiddiy xavf tug‘diradi», – deydi harbiylar.

Bayonotda armiya «zarurat tug‘ilganda harakat qilishni davom ettirishga tayyorligi» ta’kidlangan.

Reuters agentligi Eron davlat ommaviy axborot vositalariga tayanib xabar berishicha, Tehron shimoli-sharqida portlash ovozlari eshitilgan. BBC jurnalistlariga Tehron aholisi vakillaridan ham portlashlarni tasdiqlovchi ma’lumot kelib tushgan.

Reuters’ning Erondagi manbasi Tehrondan 200 km uzoqlikda joylashgan Natanz shahridagi zavod hududida ham portlashlar sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Eronning yuqori martabali mulozimining agentlikka ma’lum qilishicha, mamlakat rahbariyati favqulodda yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron xalqaro aeroportida parvozlar to‘xtatilgan.

Isroilda esa tunda havo trevogasi signallari yangradi.

Isroil rasmiylari ham mamlakat havo hududini yopdi. Flightradar24 servisi ma’lumotlariga ko‘ra, Ben-Gurion aeroportiga yo‘l olgan samolyotlar boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan.

Tungi Tehrondan kadrlar. Foto: EPA

«Hammasi barbod bo‘ladi»

Bir necha soat oldin AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington diplomatik kelishuvga umid qilayotganini aytib, Isroilni Eronga zarba bermaslikka chaqirgandi.

«Men buni muqarrar demoqchi emasman, lekin aftidan, bu sodir bo‘lishi mumkin», – dedi AQSh prezidenti Oq uyda jurnalistlarga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron yadroviy dasturi bo‘yicha «ancha yaxshi» kelishuv yaqin, biroq Isroilning Eronga hujumi kelishuvga erishish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

«Men ularning mojaroga kirishishini istamayman, chunki bu hammasini barbod qiladi, deb o‘ylayman», – deb qo‘shimcha qilgan Tramp.

Wall Street Journal esa manbalarga tayanib, Isroil yakshanba kuni Eronga zarba berishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Axios nashri manbalari ta’kidlashicha, AQSh Isroilga zarbalarda bevosita ishtirok etmasligini ma’lum qilgan.

Isroil zarbalari boshlanganidan keyin AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bayonot berib, hujumlarda AQSh ishtirok etmaganini bildirdi.

«Tungi hujumda Isroil mustaqil harakat qildi. AQSh bu hujumlarga aloqasi yo‘q va ustuvor vazifamiz mintaqadagi amerikalik harbiylarni himoya qilishdir», – degan AQSh bosh diplomati. Shuningdek, Rubioni Eronni AQSh manfaatlari yoki xodimlariga hujum qilmaslik haqida ogohlantirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil AQShni Eronga «o‘zini himoya qilish maqsadida» beriladigan zarbalar haqida xabardor qilgan.

BBC’ning Oq uydagi muxbirlari xabar berishicha, Tramp hozircha so‘nggi voqealarga izoh berishni rejalashtirmayapti.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, u Yaqin Sharqdagi vaziyat munosabati bilan o‘z ma’muriyatining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazgan.

Mavzuga oid