Jahon | 18:02 / 13.06.2025
23092
9 daqiqa o‘qiladi

Isroilning Eronga hujumi. So‘nggi ma’lumotlar

Yadro sohasidagi olti nafar olim va 20 general, jumladan, havo kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda ham o‘ldirilgan. Eron bunga javoban yuzlab dronlar uchirdi – ularning barchasi to‘xtatib qolingan.

Foto: AFP / Scanpix / LETA

Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eron bo‘ylab zarba berishni boshladi. Havo hujumlari nishonlari uranni boyitish bo‘yicha korxonalar, raketa bazalari, shuningdek Islom inqilobi muhofizlari rahbariyati hamda yadro sohasidagi olimlar bo‘lmoqda. Hujum davom etmoqda.

Hujumlar oqibatida yadro sohasi olimlari hamda Eron harbiy qo‘mondonligi vakillari halok bo‘lgan. Tehrondagilar olti nafar olim – Abdulhamid Manuchehr, Ahmadrizo Zulfiqoriy, Amir Husayn Feki, Mutallab Blizoda, Muhammad Mahdi Tehronchi va Fariddun Abbosiyning o‘limini tasdiqlagan. Isroil mudofaa armiyasi avvaliga Eron qurolli kuchlari birlashgan shtab bosh qo‘mondoni Muhammad Bag‘iriy, Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy, Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari – favqulodda vaziyatlar bo‘yicha shtab boshlig‘i G‘ulom Ali Rashid o‘ldirilgani haqida bayonot berdi.

Keyinroq Reuters agentligi Isroilning Eronga zarbalari oqibatida kamida 20 nafar eronlik yuqori martabali qo‘mondon halok bo‘lganini xabar qildi. Isroil harbiylari ma’lum qilishicha, qiruvchi samolyotlar Islom inqilobi muhofizlari korpusi havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda va boshqa yuqori martabali mulozimlar yig‘ilgan obektga zarba bergan. Hojizoda bilan birga havo kuchlari dron bo‘linmasi qo‘mondoni Tohir Pur va havo hujumidan mudofaa kuchlari qo‘mondoni Dovud Shayxiyon ham halok bo‘lgan.

General Amir Ali Hojizoda

Natanzdagi uranni boyitish korxonasi zarbaga uchragan – Isroil maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, obekt yakson etilgan. Xalqaro atom energetikasi agentligi Busherdagi atom elektr stansiyasi, Fordodagi uranni boyitish korxonasi va Isfahondagi yadro obektiga zarar yetmaganini ma’lum qilgan.

Isroil hujumi chog‘ida Tehronning ba’zi hududlari ham zarba ostida qoldi, turar joy binolariga zarar yetkazildi. Tasnim agentligi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda 50 kishi jarohatlangan, ulardan 35 nafari ayollar va bolalardir.

Qizil Yarim oy vakilining aytishicha, Eronning 12 viloyatida 100 nafarga yaqin odam jarohatlangan, ulardan 95 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Bir qutqaruvchi halok bo‘lgan, yana biri yaralangan.

«Yuqori aniqlikdagi va sinxronlashtirilgan operatsiya»ni o‘tkazish uchun 200 ta qiruvchi samolyot jalb qilingani, jami 330 ta turli o‘q-dorilar qo‘llangani, 100 dan ortiq nishonlar yo‘q qilingani ma’lum qilingan.

Eron Isroil hujumiga javoban yuzlab dron uchirdi. Dronlar bir necha soat davomida havoda bo‘ldi, Isroil harbiylari esa AQSh va Buyuk Britaniya ko‘magida ularni Iroq va Suriya osmonida to‘xtatishni boshladi. Iordaniya ham o‘z hududidan o‘tayotgan dronlarni urib tushirgan. Natijada barcha dronlar tutib qolindi, deb yozdi «Yediot Axronot» (Isroil mudofaa armiyasi hozircha buni rasman tasdiqlamadi). Hozirga kelib Isroil hukumati aholining boshpanalar yaqinida bo‘lishi to‘g‘risidagi buyruqni bekor qilgan.

Eron Isroilga ballistik raketalar uchirishi mumkinligi – ular Isroil havo hududiga dronlar bilan bir vaqtda yetib borishi ham taxmin qilingandi. Hozircha bunday bo‘lgani yo‘q.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hujumlarni «juda muvaffaqiyatli» deb atadi, ammo «har bir urushning o‘z bahosi borligi»ni ta’kidladi. «Siz boshpanalarda odatdagidan ko‘ra ko‘proq vaqt qolishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Albatta, barcha zarur narsalarni g‘amlab qo‘ying, ishonchim komilki, buni allaqachon amalga oshirgansiz. Lekin eng muhimi – ruhingiz mustahkam bo‘lsin, yo‘limiz to‘g‘riligiga, g‘alabamizga ishonchni saqlang», – dedi u.

Isroil hukumati fuqaro aviatsiyasi uchun havo hududini yopdi, Isroil aviakompaniyalari o‘z laynerlarini Ben-Gurion aeroportidan Yevropa aeroportlariga ko‘chirishni boshladi. Isroilning bosh ravvinlari yaqinlashib kelayotgan shabbatda sinagoglarda ibodat marosimlari o‘tkazmaslikka ko‘rsatma berdi. Isroilning diplomatik vakolatxonalari va butun dunyo bo‘ylab yahudiy jamoalarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Isroil Milliy xavfsizlik shtabi mamlakatning xorijdagi barcha fuqarolariga yahudiy yoki Isroil ramzlarini oshkora namoyish qilmaslikni va Isroil yoki yahudiy jamoasi bilan bog‘liq ommaviy tadbirlarga bormaslikni tavsiya qildi.

AQSh Isroil hujumida ishtirok etmaganini aytmoqda. «Biz Eronga zarba berishda ishtirok etmaymiz va bizning asosiy ustuvor vazifamiz mintaqadagi Amerika kuchlarini himoya qilishdir», - dedi davlat kotibi Marko Rubio zarbalar boshlanganidan so‘ng darhol. Shu bilan birga, u Isroil hujum haqida AQShni xabardor qilganini ta’kidlab, uning harakatlari «o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgani»ni ta’kidladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham o‘zi uchun «hech qanday syurpriz bo‘lmagani»ni aytdi va AQSh operatsiyaga jalb qilinmaganini ta’kidladi. «Eron yadroviy bombaga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», – dedi Tramp va Tehron muzokaralar stoliga qaytishiga umid bildirdi. U Eronning yo‘qotishlarini nazarda tutgan holda «ularning rahbariyatida qaytib kelmaydigan bir necha odamlar borligi»ni qo‘shimcha qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Isroilga, agar uning yordami kerak bo‘lsa, albatta yordam beradi.

Eron rasmiylari Isroilning hujumi mamlakat raketa-yadro dasturini rivojlantirishi zarurligini isbotlashini ta’kidladi. «Bunday yirtqich rejim bilan faqat kuch tilida gaplashish mumkin. Endi dunyo Eronning [uranni] boyitish huquqi, yadroviy texnologiyalar va raketa quvvati borasidagi qat’iyatini yaxshiroq tushunmoqda», – deyiladi rasmiy Tehron bayonotida. Shuningdek, Eron TIV rahbari Abbos Araqchi Isroil AQShning ruxsatisiz hujumni amalga oshira olmasligiga ishonch bildirdi. «Shunday qilib, AQSh hukumati ushbu rejimning asosiy homiysi sifatida sionistik rejim avantyurizmining xavfli oqibatlari uchun ham mas’uldir», – deya ta’kidladi u. Eron oliy rahbari Ali Xominaiy Isroil «qattiq jazoni kutishi kerakligi»ni ta’kidladi. Eron televideniyesi Tehron Isroil hujumidan keyin muzokaralarni davom ettirmasligini ma’lum qilgan.

Dunyodagilar Isroil va Eronni vazminlikka chaqirishmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish «jiddiy xavotirdaligi»ni aytdi va har ikki tomonni «har qanday holatda ham mojaroning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi – mintaqa bunga dosh bera olmaydi». Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Rossiya vaziyat keskinlashuvidan xavotirdaligi va hujumni qoralashi»ni bildirgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer «barcha tomonlarni ortga qadam tashlash va keskinlikni zudlik bilan kamaytirish»ga chaqirdi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Parij «Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashi»ni aytdi; Germaniya kansleri Fridrix Mers ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pekin «vaziyatni yumshatishda yordam berishda konstruktiv rol o‘ynash»ga tayyorligini, shu bilan birga Eron suvereniteti va xavfsizligi buzilishiga qarshi ekanini alohida ta’kidladi.

Isroilning harakatlarini Turkiya, Saudiya Arabistoni, shuningdek, Eron va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lgan O‘mon to‘g‘ridan to‘g‘ri qoraladi.

Mavzuga oid