O‘zbekiston Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti yuzasidan chuqur xavotir bildirdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqda boshlangan mojaro yuzasidan rasmiy bayonot berib, tomonlarni to‘liq vazminlikka va harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi
«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi insonlarning halokatiga va Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan Isroilning Eron Islom Respublikasiga qarshi harbiy amaliyoti yuzasidan chuqur xavotir bildiradi.
Barcha tomonlarni to‘liq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga va nizoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqiramiz. Keng ko‘lamli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy vaziyatning yanada keskinlashuvi xavotir uyg‘otmoqda», deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqlab, mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, 13 iyun tongida Isroil Eronga hujum boshlab, mamlakatning uranni boyitish korxonalari, raketa bazalari hamda Tehron, Isfahon, Tabriz kabi yirik shaharlariga zarbalar berdi. Oqibatda Eronning birqancha harbiy amaldorlari va olimlari vafot etdi.
Islom Respublikasi oliy rahbari Isroil «o‘zining jirkanch xarakterini ko‘rsatib, Eronga qarshi jinoyat sodir etgani»ni, endi uni «achchiq qismat» kutayotganini ta’kidladi.
Mavzuga oid

07:43
Eronning Isroilga javobi: Tel-Avivda vayrongarchiliklar, yaralanganlar bor

23:46 / 13.06.2025
Eron Isroilga ballistik raketalarni uchirdi

23:12 / 13.06.2025
Erondagi masjid uzra qizil «qasos bayrog‘i» ko‘tarildi

22:36 / 13.06.2025