O‘zbekiston | 14:11 / 13.06.2025
2740
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent temiryo‘l vokzallari qayta qurilishi mumkin

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov Malayziyaning AWC Berhad kompaniyasi rivojlanish bo‘yicha direktori Muhammad Ihson Anvar Bin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Uchrashuv davomida hokim hamkorlikka tayyorligini ta’kidlab, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik va qurilish sohalaridagi joriy hamda istiqbolli loyihalarni taqdim etdi.

Malayziya tomoni bir qator yo‘nalishlarda, xususan, poytaxt transport tizimini rivojlantirish, qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash loyihalari, shuningdek, logistika markazini barpo etishda ishtirok etishga dastlabki qiziqish bildirdi. 

Muhokama bosqichida bo‘lgan takliflar orasida sayyohlik obektlarini qurish, jumladan, hashamatli brendlarni jalb etish va Toshkent temiryo‘l vokzallarini qayta qurish bo‘yicha g‘oyalar ham ilgari surildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish va o‘zaro manfaatli asosda tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini bildirdi.

Mavzuga oid