O‘zbekiston | 20:16 / 13.06.2025
8866
10 daqiqa o‘qiladi

Yana bojxona: o‘nlab avtomobillar egalaridan yashirin tarzda Tojikistonda g‘oyib bo‘ldi

Bojxona qo‘mitasining bundan 6 oy avval barcha chegara bojxona postlariga yuborgan ko‘rsatma va tavsiyasi ish bermadi: bo‘lib to‘lash sharti bilan olingan mashinalarni chet davlatga chiqarib sotib yuborish holati yana takrorlandi. Faqat avtomobillar bu safar Qozog‘istonga emas, Tojikistonga olib o‘tilgan. Ularni chegara postlaridan boshqarib o‘tgan shaxslarda, xuddi avvalgi keyslardagi kabi mashinani chet davlatga haydab chiqish huquqi bo‘lmagan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eski uslub – yangi “bozor”

Bo‘lib to‘lash sharti bilan olingan mashinani qo‘shni davlatga olib chiqib sotib yuborish holati O‘zbekistonda yangi turdagi firibgarlik emas. Avval ham odamlar ayni shu uslubda chuv tushirilgan.

Jumladan, Kun.uz 2 qismli surishtiruv qilgan Abdulla Abdurasulov ishi ko‘pchilikning yodida. Ushbu shaxs bir necha oyda 50 nafarga yaqin kishini chuv tushirib, ularning turli rusumdagi mashinalarini bojxona chegara posti orqali Qozog‘istonga olib chiqib ketgandi. Chegaradan o‘tkazilgan mashinalar esa g‘oyib bo‘lgan.

Oradan 6 oy o‘tib, shu kabi holat yana kuzatildi. Faqat bu safar mashinalar Tojikistonga olib chiqib ketilgan. Bu ishni amalga oshirganlar esa asosan qimmat turdagi elektromobillarni “ovlagan”.

33 yillik “tuynuk”

Bu turdagi firibgarlikni amalga oshirgan shaxslar bojxona chegara postlaridagi 33 yillik “tuynuk”ni sezib qolishgan.

Gap shundaki, boshqa shaxs nomida bo‘lgan mashinani boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma onlayn yoki notarius orqali rasmiylashtirilishi mumkin. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirilganda ishonchnoma mashinani boshqa davlatga olib chiqib ketish huquqisiz beriladi.

Abdulla Abdurasulov ishiga qadar O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan mashina bojxona chegara posti orqali mamlakatdan chiqib ketayotganida haydovchidan ushbu transport vositasini boshqarish, xususan, chet davlatga boshqarib chiqish huquqi bor yoki yo‘qligi tekshirilmagan.

Avtotransport vositasini boshqarishga doir bo‘lgan ishonchnoma haydovchi tomonidan bojxona organiga taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatiga kiritilmagan. Hozirgi kunda qonunchilikda bu narsa nazarda tutilmagan. Lekin Bojxona kodeksining 190-moddasiga muvofiq, bojxona organi xodimi taqdim etilgan ma’lumotlarni tekshirish maqsadida qo‘shimcha hujjatlarni so‘rashga haqli. Bu huquq, majburiyat emas”, deya ushbu holatni izohlagandi Bojxona qo‘mitasi vakili.

Qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyev esa yarim yil muqaddam bojxona tizimida 33 yildan buyon bu kabi muammo kuzatilmaganini, shunday holatlar takrorlanmasligi uchun barcha chegara bojxona postlariga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar yuborilganini aytgandi. Biroq bojxona chegara postlaridagi va qonunchilikdagi ushbu “tuynuk” hamon yopilmagani ma’lum bo‘ldi.

G‘oyib bo‘lgan BYD HAN

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan Li Dmitriy ismli shaxs 2025 yilning 18 aprel kuni Abduvahob Valiyevdan bo‘lib to‘lash sharti bilan BYD HAN EV mashinasini olgan. Mashina Farrux Oripov nomida bo‘lgan. Li Dmitriyga onlayn ishonchnoma rasmiylashtirib berilgan.

Li Dmitriy mashinani o‘sha kunning o‘zidayoq Farg‘ona viloyatidagi Andarxon bojxona chegara posti orqali Tojikistonga olib chiqib ketibdi. U mashinani soxta hujjatlar bilan Tojikiston bojxonasidan ro‘yxatdan o‘tkazib, Ahmadjon Yusupov ismli fuqaroga sotib yuboribdi.

Hozirda Li Dmitriyning telefoni o‘chirilgan. Doimiy ro‘yxatda turgan manziliga izlab borsam, u yerda yashamaskan. Menga ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs bir nechta sheriklari bilan boshqa fuqarolarni ham aldab, mashinalarini Tojikistonga o‘tkazib sotib yuborgan ekan”, deydi Abduvahob Valiyev.

Li Dmitriy BYD HAN EV mashinasini 24 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan 45 100 AQSh dollariga olgan. U dastlabki to‘lov sifatida 10 ming AQSh dollari bergan.

“2 ta BYD bergandim”

Yana bir holatda esa bir fuqaroning 2 ta BYD mashinasi chegara orqali olib o‘tilib, Tojikistonda sotib yuborilgan. Ushbu mashinalar ham dastlabki to‘lov sifatida 3 ming AQSh dollaridan berilib, bo‘lib to‘lash sharti bilan olingan bo‘lgan.

Ushbu mashinalarning biri Buxoro shahrida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan Elyor Aslonov, ikkinchisi esa 39 yoshli Vladimir Xvan tomonidan olib chiqib ketilgan. Jabrlanuvchi ushbu shaxslarning barchasi, ya’ni Li Dmitriy, Elyor Aslonov va Vladimir Xvan bir jinoiy guruh ekanini ta’kidlamoqda.

Birinchi mashinani 2025 yil 31 mart kuni bizdan olib ketishgan hamda 2 aprel kuni Andarxon bojxona chegara postidan o‘tkazishgan. Ikkinchisini esa 2025 yil 3 aprelda olib ketib, 4 aprel kuni Oybek bojxona chegara postidan Tojikistonga o‘tkazgan holda sotib yuborishgan. Oylik to‘lov vaqti kelganida ular yo‘qolib qolishdi. Shunda bildik. Tojikistonga borib, mashinalarni sotib olgan odamlarni ham topdik, biroq mashinalarni topa olmadik”, deydi jabrlanuvchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu shaxslarga chuv tushganlar soni ancha ko‘p. Ish ko‘lami Abdulla Abdurasulovnikidan kam emas. Aldanganlar ushbu shaxslar allaqachon chet davlatga chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

“Ishonchnoma bo‘lmasa, ruxsat berilmaydi”

Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Tahririyatga taqdim qilingan ma’lumotda hozirgi kunda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtotransport vositalari chegara bojxona postlari orqali olib chiqilayotganda haydovchidan mashinaga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini beruvchi ishonchnoma talab qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgani ta’kidlangan. 

“Guvohnomada qayd etilgan egasidan tashqari boshqa shaxslar tomonidan yengil avtotransport vositasini olib chiqish holati aniqlanganda, haydovchida ishonchnoma mavjudligi tekshiriladi. Ishonchnoma taqdim etilmagan taqdirda haydovchiga belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun YHXX bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni ishonchnomada avtotransport vositasini xorijga olib chiqish huquqi ko‘rsatilmagan hollarda holatga oydinlik kiritilguniga qadar avtotransport vositasi respublika hududidan olib chiqib ketilishiga ruxsat berilmaydi”, deyiladi qo‘mita ma’lumotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, bojxona posti orqali harakatlanayotgan avtotransport vositalarini bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazish jarayonida identifikatsiya (VIN) raqami guvohnomada qayd etilgan ma’lumotlarga mosligi ham tekshirilmoqda. Mashinalarning identifikatsiya raqamlari

“Ye-Tranzit” axborot tizimi orqali o‘rganilganda, ayrim huquqbuzarlik holatlari ham fosh qilingan.

Xususan, 2025 yil 28 yanvar kuni “Malik” chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvida va qo‘shni davlat raqami ostida kirib kelgan Lacetti 2024 yil 24 iyun kuni aynan ushbu punkt orqali O‘zbekistonning davlat raqami ostida va o‘zbekistonlik fuqaro tomonidan olib chiqilganligi, ushbu mashina hozirda qidiruvda ekani aniqlangan. 

Shu kabi holat “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida ham kuzatilgan. Qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvida va qo‘shni davlat raqami ostida kirib kelgan Cobalt aslida muqaddam “Yallama” chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvida olib chiqilgani hamda qidiruvda ekani ma’lum bo‘lgan. 

“Bojxona qo‘mitasi, Adliya va Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2026 yilning mart oyiga qadar chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanayotgan fuqarolarning boshqaruvidagi avtotransport vositasiga egalik qilishi yoki undan foydalanish yoxud uni tasarruf etish huquqini beruvchi hujjatning mavjudligi haqida ma’lumotlarni tasdiqlash uchun idoralararo axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda texnologik yo‘riqnoma ishlab chiqilmoqda”, deya ta’kidlanadi qo‘mita ma’lumotida.

Shuningdek, Bojxona qo‘mitasi yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ishonchnomalar taqdim etish jarayoniga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqilganini va Adliya vazirligiga taqdim etilganini bildirdi. 

Tezkor choralar zarur

Bir shaxs ikkinchi shaxsga tegishli mashinani chet davlatga haydab chiqish huquqi bo‘lmagan holda bojxona chegara postidan bemalol olib chiqib ketish mumkinligi firibgarlikka yo‘l ochib bermoqda. Shu sababli ushbu muammoga nisbatan tezkor choralar ko‘rilishi zarur. Yo‘qsa, chegaralarda mashinalar g‘oyib bo‘laveradi. 

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid