Jahon | 22:25 / 14.06.2025
13922
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Eronning energiya infratuzilmasiga zarba berdi

Jumladan, neft zavodi va yirik tabiiy gaz koni o‘qqa tutildi.

Foto: Foto: Vahid Salemi / AP / TASS

14 iyun kuni tushdan keyin Eron energetika infratuzilmasi obektlari Isroil armiyasi tomonidan o‘qqa tutildi. Bu haqda Eronning Fars davlat agentligi va Iran International nashri xabar berdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat janubi-g‘arbidagi Kangan portida joylashgan Fajr-Jom neftni qayta ishlash zavodiga zarba berilgan. Bundan tashqari, Janubiy Pars gaz konidagi infratuzilmaga zarar yetkazilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u dron tomonidan hujumga uchragan.

Iran International ta’kidlaganidek, Janubiy Pars dunyodagi eng yirik tabiiy gaz koni hisoblanadi va undan nafaqat Eron, balki Qatar ham foydalanadi. Hujumdan keyin konda yong‘in chiqqan.

Eron ommaviy axborot vositalarining so‘nggi xabarlariga ko‘ra, kondagi va neft zavodidagi yong‘inlar allaqachon o‘rab olingan.

Bir kun avval Eron yadro inshootlari Isroil harbiy havo kuchlari tomonidan hujumga uchragan edi. Oqibatda Eronning Isfaxon shahridagi yadroviy inshootlardan biridagi uranni qayta ishlash zavodiga katta zarar yetdi.

14 iyun kuni Isroil armiyasi vakili Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi yo‘q qilingani va mamlakat osmoni Isroil tomonidan to‘liq nazoratga olinganini xabar qildi.

Mavzuga oid