O‘zbekiston | 19:26 / 17.06.2025
16268
7 daqiqa o‘qiladi

Restorandagi “maska-shou”: Farg‘onaning amaldorlari u yerda nima qilyapti?

Farg‘ona shahridagi restoranlardan biriga “maska-shou” uyushtirilgan. Qurollangan niqobli xodimlarga viloyat IIB boshlig‘i Azizbek Ikromov hamda viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov boshchilik qilgan. 2023 yil sentabrdagi hodisada viloyat prokurori tezkor vakilga restoran rahbarini “narkotik tashlab tiqish”ni buyurgan. Uning bu topshirig‘i kuzatuv kameralariga yozilib qolgan. Tadbirkor o‘sha kundan buyon ta’qib qilinayotganini aytmoqda. Ayni paytda unga nisbatan juda ko‘p miqdordagi firibgarlik holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2023 yilning 12 sentabr kuni Farg‘ona shahridagi “Gren klub” nomli restoranga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor vakillari tomonidan “maska-shou” uyushtirilgan. Kun.uz’ga ushbu tezkor tadbir aks etgan videolavhalar kelib tushdi.

Tasvirlarda avtobusda kelgan o‘ndan ortiq niqobli va qurollangan xodimlar restoran hududiga kirganini ko‘rish mumkin. Xodimlar restoran bo‘ylab harakatlanib, xonalarga kirib, mehmonlar va xizmatchilarni so‘roqqa tutgan. Ushbu tadbirlarga viloyat IIB boshlig‘i Azizbek Ikromov hamda viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov boshchilik qilgan.

Narkotik tashlab tiq!”

Kuzatuv kameralariga muhrlangan videolavhalarda Farg‘ona viloyati prokurori Baxtiyor Ismoilov hamda IIB boshlig‘i Azizbek Ikromov ham ko‘rinadi. Tasvirlardan birida viloyat prokurori tezkor vakilga qarata restoran rahbari Sherzod Abdug‘aniyevni “narkotik tashlab tiqishni” buyurganini ko‘rish mumkin.

Prokurorning soxta jinoyat uyushtirish haqidagi bu buyrug‘i kameraga tushib qolishi tabiiy edi. Buni bilgan tezkor vakillar restorandagi barcha kuzatuv kameralarining “miyasi”ni yig‘ishtirib olib chiqib ketishgan. Ularning ushbu harakati ham kameralarga yozilib qolgan.

Tahririyatda mavjud yana bir videolavhada esa xodimlar olib ketilgan qurilmani kuzatuv kameralariga xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi do‘konga olib borib, xotirasini tozalashga uringani ko‘rinadi.

Biroq restoran egasi Sherzod Abdug‘aniyev boshqa nuqtaga ham videoyozuvlarini saqlab qoluvchi qurilma o‘rnatgani sababli restoranga uyushtirilgan “maska-shou” va viloyat prokurorining topshirig‘i boshqa qurilma xotirasida ham saqlanib qoladi.

Tunda ishlashga ruxsati bo‘lmagani uchun tekshirish bo‘lgan - IIV

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov bilan bog‘landi. Unga ko‘ra, Sherzod Abdug‘aniyevga tegishli restoran ruxsatnomasi bo‘lmagan holda tunda faoliyat yuritgan.

Maska-shou” 2023 yilda 12 sentabrda bo‘lgan. U davrda buning kechasi ishlash huquqi bo‘lmagan. Lekin tungi vaqtda ishni to‘xtatmagan. Bir necha marotaba janjal bo‘lgani uchun majburiy yoptirishgan restoranini”, deydi Shoxruh G‘iyosov.

Tunda ishlashga ruxsat bo‘lgan

Kun.uz holat yuzasidan restoran rahbari Sherzod Abdug‘aniyev bilan suhbatlashdi. Uning bildirishicha, “maska-shou” o‘tkazilgan vaqtda umumiy ovqatlanish korxonasining tunda faoliyat yuritish uchun ruxsatnomasi bo‘lgan.

Ruxsatnomamiz bor edi. Ammo “maska-shou” qilib bosishdi. Kamiga viloyat prokurori “narkotik tashlab tiq” deb ochiqchasiga aytib o‘tiribdi. Menda kameralarning “zapisi” borligini bilishgani uchun bu masalalar ancha payt tinchib ketganday bo‘ldi. Ammo yaqinda yana boshlandi”, deydi Sherzod Abdug‘aniyev.

U Kun.uz’ga taqdim qilgan ma’lumotnoma 2022 yil 17 avgust kuni, ya’ni restoranga “maska-shou” uyushtirilishidan bir yil oldin tuzilgan. Ma’lumotnomada bir nechta tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh “Furqatbek buyuk” xususiy korxonasiga tegishli “Gren klub” umumiy ovqatlanish korxonasi va ko‘ngilochar obektida tungi vaqtda faoliyat yuritishiga qo‘yiladigan talablarni o‘rgangani haqida gap boradi.

Ishchi guruh o‘rganishni prezidentning 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi “Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obektlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori talabi bo‘yicha o‘tkazgan.

Kun.uz Farg‘ona viloyati prokurori Baxtiyor Ismoilovning harakati yuzasidan bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga so‘rov yubordi. Hayot Shamsutdinov tahririyat so‘roviga javoban videoyozuvda aks etgan holat yuzasidan 2023 yil oktyabr oyida Bosh prokuratura tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, Farg‘ona viloyati prokuroriga jarima intizomiy jazosi qo‘llanganini bildirdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Sherzod Abdug‘aniyevga nisbatan muddatli to‘lovga avtomobillar oldi-sotdisidan kelib chiqqan nizolar ortidan 11 ta epizod bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, ya’ni juda ko‘p miqdordagi firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shoxruh G‘iyosov joriy yil 10 iyun kuni Sherzod Abdug‘aniyevga nisbatan qidiruv e’lon qilinganini qo‘shimcha qilib, bu shaxs haqida ma’lumotga ega bo‘lganlar eng yaqin IIOlariga yoki 102 raqamiga xabar berishlarini so‘radi.

Ma’lumot uchun, Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i Azizbek Ikromov 2023 yil iyul oyidan buyon ushbu lavozimni egallab kelmoqda. U bunga qadar ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Baxtiyor Ismoilov 2021 yil mart oyidan buyon Farg‘ona viloyati prokurori lavozimida ishlab kelmoqda. 2017-2021 yillarda esa Farg‘ona viloyati prokurori o‘rinbosari, Farg‘ona viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid