O‘zbekiston | 00:51
1100
3 daqiqa o‘qiladi

«Andijon do‘ppisi» va «So‘qoq somsasi» geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olindi

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi ularning kelib chiqish manbasini belgilaydi hamda sifati va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan himoya qiladi.

Foto: Adliya vazirligi

«Andijon do‘ppisi» va «So‘qoq somsasi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi. 

Qayd qilinishicha, «Andijon do‘ppisi» bosh kiyimi o‘zining yuqori sifatli matolari, nozik naqshlari, o‘ziga xos shakli, shuningdek, ramziy va estetik mazmuni bilan ajralib turadi. U viloyatning hunarmandchilik an’analari, kashtachilik maktabi va madaniy ramzlariga asoslangan bo‘lib, xalq orasida o‘ziga xos hurmat va mavqega ega.

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi Andijon do‘ppisining kelib chiqish manbasini belgilaydi hamda uning sifati va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan himoya qiladi.

Shuningdek, Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi So‘qoq qishlog‘iga xos bo‘lgan milliy taom — «So‘qoq somsasi» ham geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. U o‘ziga xos tabiiy masalliqlari, xususan, faqat So‘qoq tog‘larida o‘sadigan xalq orasida «mador» nomi bilan tanilgan o‘simlik yoki ismaloqdan tayyorlanishi, shuningdek, betakror ta’mi va xamirining o‘ziga xos usulda tayyorlanishi bilan ajralib turadi.

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi «So‘qoq somsasi»ning aynan So‘qoq hududiga mansubligini belgilab, uning sifati, tarixiy ildizlari va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi.

Ushbu ro‘yxatga olish jarayoni Toshkent viloyati adliya boshqarmasining ko‘magida amalga oshirildi.

Ma’lumot uchun: geografik ko‘rsatkich — bu mahsulotning ma’lum hududga xosligi va aynan shu hudud tabiiy, insoniy, tarixiy omillari bilan bog‘liq alohida sifatlarga ega ekanini bildiruvchi intellektual mulk obekti hisoblanadi.

Avvalroq Samarqand noni va Tuxumbarak taomi ham geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olingan edi.

Mavzuga oid