Jahon | 12:56
5022
2 daqiqa o‘qiladi

Mers: Isroil biz uchun Eronda og‘ir ishni qilyapti

Fridrix Mers Isroilga hurmatini bildirdi. U TSAHALning Eronga zarbalarini boshqa mamlakatlarga foyda keltiradigan og‘ir ish deb bilyapti. Germaniya kansleri Tehrondagi tuzumni terrorchi deb hisoblaydi va uning tugashini istaydi.

Foto: DPA

Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilni Eronga bergan zarbalari uchun hurmat qilishini aytib, buni G‘arb ittifoqchilariga xizmat deb atadi. «Faqat shuni aytishim mumkinki, men Isroil armiyasi va hukumati bunga jur’at etganini juda hurmat qilaman», — dedi u 17 iyun, seshanba kuni Kanadada bo‘lib o‘tgan G7 sammiti doirasida Germaniyaning ZDF jamoat telekanaliga bergan intervyusida. «Aks holda, biz bu rejimning dahshatini oylar va yillar davomida ko‘rgan bo‘lardik, keyin esa, ehtimol, qo‘lida yadro quroli bo‘ladi».

«Bu Isroil barchamiz uchun qilayotgan og‘ir ish», deb ta’kidladi Mers. «Biz ham bu rejimdan aziyat chekyapmiz».

Fridrix Mersning so‘zlariga ko‘ra, Tehron «hujumlar va qotilliklar, shuningdek, Livandagi «Hizbulloh» va G‘azo sektoridagi Hamas kabi tashkilotlar orqali butun dunyoga o‘lim va halokat» tarqatgan. Siyosatchining ishonchi komilki, Hamas jangchilarining 7 oktyabr kuni Isroilga hujumi «Tehron rejimisiz hech qachon amalga oshirilmasdi».

Shu bilan birga, Germaniya hukumati rahbari ta’kidlaganidek, agar Eron hukumati muzokaralar stoliga qaytishga tayyor bo‘lsa, «keyinchalik harbiy aralashuvga ehtiyoj qolmas edi».

Mavzuga oid