Jahon | 14:15
2133
2 daqiqa o‘qiladi

«Tramp zerikib qolmasligi» uchun NATO sammit dasturini qisqartirdi

NATO Haagadagi sammit dasturini 2,5 soatlik sessiyaga qisqartirdi, deb yozadi FT.

Foto: Grok

Avvalroq Kanadaning Kananaskis shahrida bo‘lib o‘tgan G7 («Yettilik guruhi») yig‘ilishidagi ishtirokini zudlik bilan to‘xtatgan AQSh prezidenti Donald Trampning «muddatidan oldin ketishi»ning oldini olish uchun NATO Haagadagi sammit dasturini 2,5 soatlik sessiyaga qisqartirdi. Bu haqda 19 iyun, payshanba kuni Britaniyaning The Financial Times (FT) gazetasi uch manbaga tayanib xabar berdi. «Tramp zerikmasligi uchun shunday qaror qabul qilindi», — deb ta’kidladi nashr.

Sessiyada, xususan, bosh kotib Mark Ryuttening 2030 yilga borib a’zo mamlakatlarning harbiy xarajatlarini YaIMning 3,5 foizigacha oshirish, shu bilan birga tegishli sohalarga, jumladan, infratuzilma va kiberxavfsizlikka 1,5 foiz sarmoya kiritish taklifi muhokama qilinishi kerak.

Ispaniya va boshqa oz sonli davlatlar hozirda bu rejalarga qarshi. Madrid mudofaa xarajatlarining bunchalik keskin oshishi Ispaniya ijtimoiy ta’minot xarajatlarini saqlab qolish qobiliyatini xavf ostiga qo‘yishidan xavotirda.

Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr va uning rafiqasi Maksima mezbonlik qilgan 32 yetakchining norasmiy kechki ovqati 24 iyun oqshomida bo‘lib o‘tadi.

«Maqsad – uni (sammitni) imkon qadar kichik va konsentratsiyali qilish», — dedi agentlik manbasi.

Dastlab Shimoliy Atlantika alyansi sammiti 24-26 iyun kunlari Haagada bo‘lib o‘tishi taxmin qilingan edi.

Mavzuga oid