Jahon | 16:21 / 24.06.2025
3762
3 daqiqa o‘qiladi

Putinning NATO bilan ehtimoliy urushi dunyoga 1,5 trillion dollarga tushishi mumkin – OAV

Agar urush boshlansa, birinchi yilda global ishlab chiqarishni 1,3 foiz yoki 1,5 trillion dollarga qisqartirishi mumkin, bu Ukrainaga to‘liq miqyosli bosqin ta’siriga deyarli teng.

Foto: Getty images

Yevropa ayni damda Vladimir Putin davrida Rossiyaning harbiy kuchayishini kuzatmoqda. U bir necha yil oldin ishonarsiz bo‘lgan tahdidga qarshi kurashishga harakat qilmoqda: Rossiya bilan urushga.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya artilleriya snaryadlari, uchuvchisiz samolyotlar va raketalarni tez orada Ukrainadagi qo‘shinlari ehtiyojlaridan oshib ketadigan tezlikda ishlab chiqarmoqda.

Nashr Rossiya va NATO o‘rtasidagi urush hozir boshlanmasligi sabablaridan birini aytib o‘tdi. «NATO hududida urush bo‘lishi ehtimoli past, chunki Rossiya hali imkoniyatlarga ega emas va ehtimol ikki frontda urush bo‘lishini xohlamaydi», dedi jurnalistlar.

O‘z navbatida, NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya 5 yil ichida alyans a’zosiga hujum qilishi mumkinligini taxmin qildi, bu Germaniya kansleri Fridrix Mers va Yevropaning bir qancha razvedka agentliklari bashoratlariga mos keladi.

Shu bilan birga, nashr ta’kidlaganidek, Daniya bundan ham dahshatli prognozga ega. Uning fikricha, Putin 6 oy ichida qo‘shni davlat bilan mahalliy urushga kirishishi mumkin (bu yerda ular Boltiqbo‘yi mamlakatlarini nazarda tutadi) va 2 yil ichida bir yoki bir nechta NATO davlatlariga real tahdid solishi mumkin.

Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, agar urush boshlansa, birinchi yilda global ishlab chiqarishni 1,3 foiz yoki 1,5 trillion dollarga qisqartirishi mumkin, bu Ukrainaga to‘liq miqyosli bosqin ta’siriga deyarli teng. Agar urush Yevropaning boshqa davlatlariga tarqalsa, yo‘qotishlar ancha katta bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, bosqin sahnalashtirilgan hodisa yoki gibrid hujum bilan boshlanishi mumkin. Vilnyusdan to‘xtovsiz o‘tadigan Moskva-Kaliningrad temir yo‘l liniyasi zaif nuqtalardan biridir.

Litva sobiq tashqi ishlar vaziri Gabriyelius Landsbergis birinchi qadam sifatida Rossiya Litvada Moskva-Kaliningrad poyezdini to‘xtatish bahonasini o‘ylab topishi mumkinligini aytdi. Keyin Kreml qamalda qolgan Rossiya fuqarolarini himoya qilish niqobi ostida qo‘shin yuborishi va Litvani amalda bosib olishi mumkin. Jurnalistlar bunday vaziyatda Tramp hech narsa qilmasligini taxmin etdi.

Mavzuga oid