Tesla Texasda robotaksi servisini ishga tushirdi
O‘nta haydovchisiz elektromobil sinovlar davomida maxsus taklif qilingan yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanadi.

Foto: Reuters
Tesla kompaniyasi Texas shtatining Ostin shahrida robotaksi servisini ishga tushirdi.
Test guruhi taxminan 10 ta haydovchisiz elektromobildan iborat bo‘lib, ular taklif qilingan yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya rahbari Ilon Maskka ko‘ra, so‘nggi kunlarda avtomobil ishlab chiqaruvchi cheklangan hududda sinovdan o‘tkazilayotgan robotaksi uchun tanlangan shaxslardan iborat guruhga taklifnomalar yuborgan. Safarlar uchun 4,2 dollar miqdorida to‘lovlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi.
Oldinroq Mask yaqin oylarda servis AQShning boshqa shaharlarida ham taqdim etilishi, robotaksilar soni mingtaga yetkazilishini ma’lum qilgandi.
Dastur doirasida oddiy Model Y mashinalaridan foydalanilmoqda, ular kamera va datchiklar bilan jihozlangan. To‘liq avtonom Cybercab elektromobili ustida esa hozirda ishlar davom etmoqda.
«Bu Tesla’ning modifikatsiya qilinmagan avtomobillari bo‘lib, ular to‘g‘ri zavoddan keladi», — degan edi Mask.
Shu bilan birga, Texas gubernatori Greg Ebbott 20 iyun kuni haydovchisiz transport vositalaridan foydalanish uchun shtat ruxsati talab etiladigan qonunni imzoladi. U 1 sentabrdan kuchga kiradi. Bu davlat amaldorlari haydovchisiz boshqariladigan transport vositalari sohasi ehtiyotkorlik bilan harakat qilishini xohlayotganini anglatadi, deydi ekspertlar.