O‘zbekiston | 11:02 / 25.06.2025
20487
5 daqiqa o‘qiladi

 “Qo‘lma-qo‘l bo‘lasan”: Chilonzorda mahalla raisi ajrashish yoqasidagi ayolga tahdid qildi

Kun.uz’ga Chilonzor tumanidagi Katta Qozirobod mahallasi raisi Abdusamad Mutalovning qo‘polligi va boricha aytganda – axloqsizligidan shikoyat qilingan yana bir murojaat kelib tushdi. Bu gal u “tarbiyasiz” maktab o‘quvchilari yo ularning ota-onalarini so‘kmagan. Bu gal raisning “shirin so‘zlari” nishoni turmushida muammolar chiqib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oila a’zolari, xususan, yoshgina kelinchak bo‘lgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Eslatib o‘tamiz, shu yilning qishida ushbu mahalla raisi Abdusamad Mutalovning shu hududdagi 138-maktab o‘quvchilariga, ota-onalariga pol arttirish bilan ham tahdid qilgan: “Bilib olinglar, “skritiy kamera” qo‘yaman. Kimda kim shu ishni [poyabzalining yon qismini polga ishqalab, uni qoraytirsa], uning o‘ziga arttirmayman, ota-onangni chaqirtiraman. Ularni chaqirtirib, do‘nqaytirib pol arttiraman”, - degandi rais.

Bu ishi uchun Mahallalar uyushmasi uni “ishdan olindi” deya izoh bergan, ammo sal o‘tib lavozimiga qaytarib qo‘yilgan rais o‘zini oqlashga ham uringandi.

Ammo buni qarangki, “rais yaxshi odam ekan...” degan taassurotga borib-bormay turgan bir paytimizda u kishining ustidan navbatdagi shikoyat tushib turibdi.

Bu gal u “tarbiyasiz” maktab o‘quvchilari yo ularning ota-onalarini so‘kmagan. Bu gal raisning “shirin so‘zlari” nishoni turmushida muammolar chiqib, ajrim yoqasiga kelib qolgan oila a’zolari, xususan, yoshgina kelinchak bo‘lgan.

Rais Abdusamad Mutalov mahalla binosida o‘tgan bu qo‘shtirnoq ichidagi yarashtiruv jarayonida axloqqa zid tarzda, tajovuzkor va tahdidli ifoda bilan ayolni kamsitgan.

Mutalov gapi davomida shunday deydi:

“Boshingda ro‘mol, og‘zingda Xudo. Diling – shayton. Og‘izda zikr, lekin dil shayton, shayton. Ammasi o‘rgatdi, xolasi o‘rgatdi. ....ga tiqdi-da hammasi chetga chiqvolib, mishig‘ini oqizib keldi. Men itday bo‘lib yana olib kirdim. Xor bo‘lasan, men senga 5 yillik tajribamdan kelib chiqib aytyapman – aniq bo‘lasan xor. Qo‘lma-qo‘l bo‘lasan, xor bo‘lasan. Qo‘lingga zikr olib, boshingga ro‘mol o‘raganni ko‘ryapman hammangni. Nima ahvolda yurganingni. Aniq aytaman, birovni qo‘liga ilinasan – xor bo‘lasan!”

Uning nutqi davomida bir necha bor axloqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan, tajovuzkor va tahdidomuz ifoda quloqqa yaqqol chalinadi.Kelinning so‘zlariga ko‘ra, oila 3-tomonning aralashuvi bilan ajrim yoqasiga kelgan va yarashtirish maqsadida mahalla raisiga murojaat qilishgan. Mahalla idorasida bo‘lgan muloqot jarayonida esa ayol va uning ota-onasiga umuman og‘iz ochishga haqlari yo‘qligi aytilib, shunday tahdid qilingan.

“Erimning kaltaklashini aytganimda esa erimga qarab “ur, gap qaytargan xotinni urish kerak. Menam xotinimni uraman. Shunaqa tepaman – zinadan uchib ketadi” deb battar qayradi. Yarashishimiz kerak bo‘lgan joyda bu gaplar munosabatlarimizga teskari ta’sir qildi”, deydi ayol.

Abdusamad Mutalov Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tizimidan chiqqan – soddaroq aytganda sobiq xodim hisoblanadi.

Bilamizki, mahalla faollarining vazifasi – jamiyatda tinchlikni saqlash, oilalarni yarashtirish, himoyaga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Ammo mazkur holatda mahalla raisi aksincha, ayolni tahqirlash va ruhiy bosim ostida qaror qabul qilishga majburlayotgani ko‘rinadi. Ayolning ruhiy bosim va tahdidlar orqali qaror qabul qilishga majbur etilishi – bu nafaqat ijtimoiy, balki huquqiy jihatdan ham jiddiy xavf sanaladi.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz

Mavzuga oid