Jahon | 14:54 / 26.06.2025
3781
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressida Trampning rafiqasi vizasi bilan bog‘liq mojaro yuzaga keldi

Demokratlar birinchi xonimning Qo‘shma Shtatlarga qanday kelib qolganini tekshirishga chaqirmoqda. U olgan EB-1 vizasi odatda «muhim yutuqlar» va «barqaror xalqaro e’tirofga» ega bo‘lgan odamlarga beriladi.

Foto: Getty images

Birinchi xonim Melaniya Trampning immigratsiya tarixi shu hafta AQSh Kongressida qizg‘in munozaralar markazida bo‘ldi. Vakillar palatasining sudyalar qo‘mitasidagi tinglovda demokrat kongressmen Jasmin Krokett prezidentning rafiqasi 2001 yilda olgan EB-1 vizasi qonuniyligiga ochiqchasiga shubha bildirdi, deb yozdi Newsweek.

«Eynshteyn vizasi» sifatida tanilgan EB-1 odatda «muhim yutuqlar» va «barqaror xalqaro e’tirofga» ega bo‘lgan odamlarga beriladi - Nobel mukofoti laureatlari, Olimpiya oltin medali sovrindorlari, taniqli olimlar yoki san’atkorlarga.

«Oxirgi marta tekshirganimda, birinchi xonimda bunday mukofotlarning hech biri yo‘q edi», dedi Krokett. «Melaniya - model, lekin Tayri Benks yoki Sindi Krouford darajasida emas. Shunga qaramay, u odatda ajoyib iste’dodlar uchun ajratiladigan vizani oldi».

Kongressmen respublikachilarni ikki tomonlama standartda ayblab, ular oddiy migrantlarni nishonga olishga darhol tayyor ekanini, shu bilan birga Trampga yaqin odamlarning shubhali holatlariga ko‘z yumayotganini aytdi.

«Halollik - qonuniy migrantlarni ko‘chadan ushlab, benom furgonlarga tiqish emas», dedi u. «Halollik – shuningdek, prezidentning rafiqasi Qo‘shma Shtatlarga qanday kelib qolganini qayta ko‘rib chiqish».

Jasmin Krokett o‘z nutqini kinoya bilan yakunladi: «Bu yerda matematika qo‘l kelmayotganini tushunish uchun Eynshteyn bo‘lish shart emas».

Ochiq manbalarga ko‘ra, Melaniya Tramp (Melaniya Knavs) 1990-yillarning o‘rtalarida Sloveniyadan Qo‘shma Shtatlarga modellar uchun mo‘ljallangan ishchi vizasi bilan kelgan.

1996 yil - Melaniya birinchi marta H-1B ishchi vizasi bilan kelgan.

2001 yil - san’at, fan, ta’lim, biznes yoki sportda «alohida iqtidorga» ega bo‘lgan shaxslarga beriladigan «Eynshteyn vizasi»ni (EB-1) olgan.

2006 yil - 2005 yilda Donald Trampga turmushga chiqqanidan keyin AQSh fuqarosi bo‘lgan.

U olgan EB-1 vizasi yuqori talablari tufayli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi - odatda u nufuzli mukofotlar egalari yoki xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassislarga beriladi.

Mavzuga oid