Fermerlarga yerni xitoyliklarga berib yuborish bilan tahdid qilgan amaldor lavozimi ko‘tarildi, sobiq Bosh shtab boshlig‘i vafot etdi, O‘zbekistonda biogazdan metan ishlab chiqariladi – mahalliy dayjest
O‘zbekiston Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shiladi. Kosondagi xususiy bog‘chada 2,5 yoshli qiz vafot etdi. Fermerlarning yerini xitoyliklarga berib yuborish bilan tahdid qilgan amaldorning lavozimi ko‘tarildi. Yaponiya bilan hamkorlikda biogazdan metan ishlab chiqariladi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shiladi
Yadroviy javobgarlik rejimida yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishi ta’minlanadi.
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida «Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga O‘zbekistonning qo‘shilishi haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston mazkur konvensiyaga qo‘shilishi natijasida fuqarolik yadro obektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilaydigan asosiy normalar tatbiq etiladi. Shuningdek, yadroviy javobgarlik rejimida yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishi ta’minlanadi.
Mazkur hujjatning asosiy maqsadi yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadro zarari uchun operatorning javobgarligini, shuningdek, yadro zararidan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilashdan iborat. Muhokama yakunida senatorlar tomonidan qonun ma’qullandi.
Fermerlarning yerini xitoyliklarga berib yuborish bilan tahdid qilgan amaldorning lavozimi ko‘tarildi
Urgut hokimi o‘rinbosari Zuhriddin Amonov Samarqand viloyati Veterinariya boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Qo‘mita raisining buyrug‘i bilan Zuhriddin Amonovga boshqarmaning barcha bank va moliya hujjatlariga birinchi imzo qo‘yish huquqi berilgan.
Zuhriddin Amonov yaqindagina fermerlarga videomurojaat qilib, agar rejani bajarmasa, yerlarini xitoyliklarga berib yuborish bilan tahdid qilgani ortidan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.
«Hurmatli agrofirma raislari, hurmatli mas’ullar! Biz hali Xitoyga borganimizni aytgandik, mana, xitoyliklar kelib, yerlarni ko‘rishni boshladi. Ekishni xohlamagan, pillani, g‘allani bajarmagan, soliq to‘lamaganlarning yerini berishni boshlaymiz. Mana, suvli maydonlarni olaman deyapti xitoyliklar. 2 ming gektar maydonni ko‘rsatib chiqyapmiz. Yana olamiz», degan u o‘z videomurojaatida.
Sobiq Bosh shtab boshlig‘i vafot etdi
O‘zbekiston Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan general-polkovnik To‘lqin Qosimov vafot etdi.
To‘lqin Qosimov 1962 yildan boshlab 2003 yilga qadar Qurolli kuchlar safida xizmat qilib, harbiy okrug qo‘mondoni, mudofaa vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasi boshlig‘i hamda Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i kabi lavozimlarda faoliyat olib borgan.
Xizmati davomida I-II darajali «Shon-sharaf», «Qizil yulduz» va II-III darajali «Vatanga xizmati uchun» ordenlari hamda ko‘plab medallar bilan taqdirlangan.
Biogazdan metan ishlab chiqariladi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Aziz Abduhakimov va Yaponiyaning Le One kompaniyasi bosh ijrochi direktori Xaruki Yamasaki o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida Yaponiya tomoni Le One kompaniyasi 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan 4 million AQSh dollari miqdoridagi grant yutib olgani haqida ma’lum qildi. Grant Yaponiya energetika va sanoatni rivojlantirish tashkiloti tomonidan dekarbonizatsiya va yashil energiya sohasida ilg‘or yapon texnologiyalarini ilgari surishga qaratilgan xalqaro ko‘rgazmali dastur doirasida taqdim etilgan.
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonda biologik chiqindilarni qayta ishlash natijasida olingan biogazdan metan ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba zavodini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Tashabbus bir vaqtning o‘zida bir nechta ekologik va iqtisodiy maqsadlarga erishishga qaratilgan.
Loyiha biogazdan muqobil energiya manbai sifatida foydalanishni nazarda tutadi, bu nafaqat atrof-muhitga tushadigan bosimni kamaytirish, balki chiqindilarni boshqarishning qo‘shimcha energiya tejamkor modelini yaratish imkonini beradi.
Kosondagi xususiy bog‘chada 2,5 yoshli qiz vafot etdi
Qashqadaryo viloyati Koson tumani Ushoqtepa mahallasidagi xususiy bog‘chada 2,5 yoshli qizaloq vafot etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 20 iyun kuni Lola Haqnazarovaga tegishli xususiy bog‘chada sodir bo‘lgan. 2,5 yoshli Zarina Izzatillayevani ertalab Lola Haqnazarova uyidan bog‘chaga olib ketgan. Ko‘p o‘tmay uning yaqinlariga qizaloqning tobi bo‘lmay qolgani haqida xabar berilgan.
«Otasi Rossiyada edi. Onasi bilan poliklinikaga bordik. Shifokorlar bolada hayot nishoni yo‘q edi deyishdi va u ekspertizaga olib ketilganini aytishdi. Uyga borib kutib o‘tirdik. Keyin xabar bo‘lgach ekspertizadan murdasini olib keldik. Bizga bola mashinada qolib, dimlanib o‘lgan deyishdi. Bizni hozircha hech kim hech qayerga chaqirgani yo‘q», deydi Kun.uzʼga qizaloqning buvisi.
Buvining qo‘shimcha qilishicha, bolalarni bog‘cha rahbarining o‘zi har kuni Spark mashinasida uydan bog‘chaga, bog‘chadan uyga tashigan. O‘sha kuni ham Zarinani bog‘chaga u mashinada olib ketgan. Qizning buvisiga ko‘ra, o‘sha paytda mashinada 7-8 nafar bola bo‘lgan.
Bolaning aynan nimadan vafot etgani hozircha ma’lum emas. Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan Ushoqtepa mahallasi raisi holatni tasdiqlab, hozirda ishni prokuratura o‘rganayotganini ma’lum qildi. Raisning aytishicha, qizaloqning vafotidan so‘ng xususiy bog‘cha faoliyati to‘xtatilgan.
Mavzuga oid

22:58 / 25.06.2025
Bloger uyida timsoh saqlab kelgani aniqlandi, O‘zbekiston Shvetsiya bilan migratsiya sohasida kelishuv imzoladi, fuqaro oqlanganidan so‘ng ham 207 kun qamoqda o‘tirdi – mahalliy dayjest

21:43 / 24.06.2025
Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘ulistonga bordi, attestatsiyadan o‘tkazib berish evaziga pul so‘ragan shaxs ushlandi. Yerusti metrosining yana 6 ta bekati vaqtincha yopiladi – mahalliy dayjest

21:59 / 23.06.2025
Uy sotib olishda eskrou tizimi joriy etiladi, Xorazmda hokim o‘rinbosari 8 yilga qamaldi va Toshkentda 11 yosh qizni tok urdi – mahalliy dayjest

22:49 / 20.06.2025