Jahon | 08:00 / 26.06.2025
2380
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya bosh vaziri: Rossiya NATO uchun tahdid emas

NATOning Ukrainada ishi yo‘q, chunki u ham Rossiya kabi ittifoqqa a’zo emas - Viktor Orban.

Foto: JONAS ROOSENS / AFP

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Rossiya NATOga tahdid soladigan darajada kuchli emasligini aytdi.

NATO sammitining yakuniy kunida Haagada jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lgan Orban Yevropadagi xavfsizlik va iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq bir qator savollarga javob berdi.

Uning ta’kidlashicha, Yevropa uchun asosiy tahdid xavfsizlik emas, balki raqobatbardoshlikni yo‘qotishdir.

«Biz jahon savdosida o‘z o‘rnimizni yo‘qotmoqdamiz. Asosiy muammo — iqtisodiy tahdid», — dedi u.

Global xavfsizlikning AQSh prezidenti Donald Tramp qarorlariga bog‘liqligi haqidagi savolga Orban Tramp sog‘lom fikrli odam ekanligini aytdi.

«Biz buni yaqinda Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaroga aralashganida ko‘rdik. Uning harakatlari tufayli urushlar qisqarmoqda va tajovuzkor ritorika o‘z kuchini yo‘qotmoqda», — dedi u.

NATOning mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga yetkazish bo‘yicha yangi maqsadini izohlar ekan, Orban Yevropa Ittifoqining joriy budjet qoidalarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.

«Mavjud qoidalar mavjud ekan, kim nima deyishidan qat’i nazar, hech bir davlat 5 foizga erisha olmaydi. Biz hamma narsani yangi tizim bo‘yicha qayta hisoblashimiz kerak — shunda bu mumkin bo‘ladi», deb ta’kidladi bosh vazir.

Orban, shuningdek, «Rossiya real xavf tug‘dirmaydi», deb ta’kidladi.

«Biz ancha kuchlimiz. NATOning Ukrainada ishi yo‘q, chunki u xuddi Rossiya kabi alyansga a’zo emas. Mening vazifam - shunday bo‘lib qolishi uchun hamma narsani qilish», — deya xulosa qildi u.

Mavzuga oid