O‘zbekiston | 18:31 / 27.06.2025
5261
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev YeOII yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni Minsk shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida EOII huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi maqomida Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon (videoaloqa orqali) hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjon Sag‘intayev ham qatnashdi. Mehmon sifatida Abu-Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid Ol Nahayon, Mo‘g‘uliston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Nam-Osorin Uchral va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston prezidenti nutqida EOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari EOII bilan sheriklikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bayon qildi. O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasidagi erkin savdo zonasi faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq barcha kelishuvlarni to‘liq bajarib kelayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston savdoni qo‘llab-quvvatlash vositalari va mexanizmlarida – EOII texnik jihatdan tartibga solishning raqamli tizimi va raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabilarda qatnashishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Shuningdek, tashkilot doirasida ishga tushirilgan «Chegarasiz mehnat» integratsiyalashgan platformasiga qo‘shilishga tayyorlik ham bildirildi.

Yakunda davlat rahbari O‘zbekistonning EOII doirasidagi ko‘p tomonlama dastur va loyihalarda ishtiroki iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga hamda mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidladi.

Mavzuga oid