Jahon | 14:23
3431
3 daqiqa o‘qiladi

Z-kanallar Bundesver yuk mashinalari yonayotgani aks etgan videoni e’lon qildi

Rus tilidagi militaristik Telegram kanallari yoqib yuborilgan oltita harbiy yuk mashinasi Ukraina uchun mo‘ljallanganini da’vo qilmoqda.

Foto: Sascha Fromm/Funke Foto Services/IMAGO

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy tajovuzini qo‘llab-quvvatlovchi rus tilidagi Telegram kanallari 26 iyun, payshanba kuni Germaniya Qurolli kuchlarining (Bundesver) oltita yuk mashinasi yonayotgani aks etgan surat va videolarni chop etdi. Z-kanallardan birining xabariga ko‘ra, nemis yuk mashinalari Ukraina Qurolli kuchlari uchun mo‘ljallangan bo‘lgani uchun o‘t qo‘yish «odamlarimiz» tomonidan sodir etilgan.

Germaniya sharqidagi Erfurt shahrida MAN Truck & Bus kompaniyasining rasmiy xizmat ko‘rsatish markazi bo‘lgan MAN Trucks & Bus Service GmbH hududida 22 iyun kuni kechqurun yong‘in sodir bo‘ldi, deb yozadi Germaniyaning MDR ommaviy-huquqiy media kompaniyasi. Unga ko‘ra, to‘rtta yuk mashinasi butunlay yonib ketgan, yana ikkitasiga yengil zarar yetgan.

«Povernutyye na voyne» Telegram kanali «UQK ehtiyojlari uchun turli harbiy texnikalar ta’mirlash uchun Erfurtga olib kelinmoqda», deb yozadi. «Odamlarimiz bularning barchasini keraksiz, UQKga ham bunday uskunalar kerak emas, deb qaror qildi va shunchaki yoqib yubordi», — deyiladi nashrda. Yoqib yuborilgan Bundesver yuk mashinalari haqiqatan ham Ukraina uchun mo‘ljallanganmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum, deb ta’kidlaydi dpa agentligi. Bundesver Erfurtda sodir bo‘lgan voqeaga izoh bermadi.

Dpa ma’lumotiga ko‘ra, e’lon qilingan videoda yong‘inning dastlabki bosqichlari aks etgan, favqulodda xizmatlar o‘sha paytda voqea joyiga hali yetib kelmagan. Ayni paytda, o‘t qo‘yish bo‘yicha tergov olib borayotgan Tyuringiya federal yeri jinoiy politsiya idorasi video tasvirlarning haqiqiyligini tekshirmoqda.

2024 yil iyul oyida noma’lum shaxslar oltita MAN harbiy yuk mashinasini yoqib yuborgan, ulardan uchtasi Bundesverga tegishli, qolgan uchtasi Singapurdan kelgan va rejali texnik xizmat ko‘rsatishdan o‘tkazilayotgan edi.

Mavzuga oid