“IELTS’dan 9 ball, SAT’dan 1600 ball” - Jons Hopkinsdan 380 ming dollarlik grant yutgan Boburjon Baxtiyorov hikoyasi
Boburjon Samarqand viloyatidan, u hozirda 20 yoshda. Oilasidagilar grin-karta yutgani ortidan 10 yoshligida AQShga ko‘chib o‘tgan. O‘z ustida tinimsiz ishlagan Boburjon IELTS’dan 9, SAT imtihonidan esa maksimal 1600 ballni qo‘lga kiritgan. Hozirda u dunyoning top oliygohlari reytingida 16-o‘rinda turuvchi Jons Hopkins universitetining 4-bosqich talabasi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Amerika maktablarida o‘zbek yoshlariga munosabat, top OTMda o‘qish afzalliklari va o‘zining maqsadlari haqida gapirib berdi.

Boburjonning bolaligi Samarqand viloyati Toyloq tumanida o‘tgan. Mahallasidagi 14-umumta’lim maktabida o‘qigan Boburjon 10 yoshida oilasi bilan Nyu Yorkka ko‘chib ketgan. Orada yana vatanga qaytib, o‘rta sinfda o‘qishni davom ettirgan. Ikki mamlakat ta’lim tizimini ko‘rgan Boburjon O‘zbekistonda fanlar yodlashga asoslangan holda o‘qitilishi, Amerikada esa tanqidiy fikrlash va tahlil qilish asnosida o‘tilishini ta’kidlaydi.
“Bizda matematika, geometriya, geografiya kabi fanlar erta, ya’ni 5-6-sinfdanoq chuqur o‘rgatiladi. Amerikada maktablarida esa 9-sinfdan keyin o‘tiladi. Aniq fanlar bo‘yicha O‘zbekistonda ta’lim olgan bolaning bazasi ancha erta va mustahkam shakllanadi. Shu sabab AQShdan Samarqandga qaytib o‘qigan vaqtimda tengdoshlarimdan ayrim fanlardan orqada, ayrimlaridan esa oldinda bo‘lganman. Ta’limdagi ikki xil muhitga moslashish biroz qiyin kechgan. Milliy tizimimizda asosan yodlatishga e’tibor qaratiladi. Amerikada esa o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash, savol yo‘llash, o‘z qarashlari va shaxsiy xulosalarini erkin bayon qilishiga urg‘u beriladi. Masalan, tarix fani misolida gapiradigan bo‘lsak, bizning maktablarda voqealar qayerda qachon bo‘lib o‘tganligi, unda kimlar qatnashganligini eslab qolish talab qilinsa, Nyu York maktablarida o‘sha voqealardan qanday dars, xulosa olish mumkinligi borasida o‘quvchilarining fikrini shakllantirishga ustunlik beriladi”, – deydi u.
Boburjon maktabni tamomlagandan so‘ng, 32 ta universitetga hujjat topshirib, ularning 24 tasiga qabul qilingan. Oliygohlar orasidan barcha xarajatlarni qoplovchi grant taqdim etgani uchun Jons Hopkinsda o‘qishni tanlagan. Uning aytishicha, chet elda o‘qish katta mas’uliyat bilan bir qatorda katta xarajatni ham talab qiladi. Agar talaba to‘liq grant taqdim etadigan universitetni tanlamasa, har semestrda kontrakt va yashash xarajatlarini qoplash uchun ishlab pul topishga majbur bo‘lishi mumkin.
“Universitetimdan 380 ming dollar atrofida grant berilgan. Bu o‘qish, turar joy, ovqatlanish, hatto yozgi ta’tilda O‘zbekistonga kelib-ketish uchun aviachipta xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi. Shu sababli moliyaviy bosim yo‘q, o‘qishimga to‘liq e’tibor qarataman. Agar to‘liq grant beradigan yaxshi universitetga kira olmasa, migrant talaba uchun o‘qish to‘lovi katta muammoga aylanishi mumkin. To‘g‘ri, boshlanishida ota-onasi bir yilligini to‘lab berar, biroq ikkinchi yildan boshlab har semester uchun 6-8 ming dollar atrofidagi mablag‘ni jo‘natish, ota-onalarga og‘irlik qiladi, Natijada talaba o‘qish bilan birga ishlashga majbur bo‘ladi. Bu esa uning diqqatini ikkiga bo‘ladi: na o‘qishda to‘liq natija bo‘ladi, na ishda. Shu sababli abituriyentlarga to‘liq grant beradigan eng kuchli universitetga kirishga harakat qilish yoki “El-yurt umidi” dasturiga hujjat topshirib, grant yutgandan keyin chetga o‘qishga ketishni maslahat bergan bo‘lardim”, – deydi Boburjon.
U Jons Hopkinsdagi o‘qish muhitiga to‘xtalarkan, ta’lim yillik emas, semestr asosida tashkil etilishi, har bir semestr boshlanishidan 4-5 oy oldin talabalar o‘z fanlarini oldindan tanlab qo‘yishi, bitiruv shartlaridan biri sifatida bakalavriat bosqichida ham ilmiy tadqiqot o‘tkazish zarurligi haqida gapirib berdi.
“Jons Hopkins tadqiqotlar o‘tkazishga ixtisoslashgan oliygoh, shuning uchun talabalardan original ilmiy izlanish olib borish talab qilinadi. Har bir talaba o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dolzarb bo‘lib turgan mavzuni tanlab, uni mustaqil o‘rganadi, natijalarini tahlil qiladi, ilmiy faktlarga asoslangan xulosa chiqaradi. Ushbu jarayon odatda professorlar rahbarligida olib boriladi. Ilmiy ish yakunida esa talabalar dissertatsiya, maqola yoki yirik loyiha ko‘rinishida o‘z ishini taqdim etadi. Men kapitalizm va demokratiya o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganyapman. Ilmiy ishim doirasida kapitalistik tizimlarning demokratik institutlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi, bozor iqtisodiyotining siyosiy erkinliklar va fuqarolik jamiyati shakllanishiga qo‘shadigan hissasi, iqtisodiy tengsizlik ortishi demokratiyani zaiflashtirishi mumkinligi kabi masalalarni tadqiq etyapman”, – deydi u.
Boburjon SAT imtihonidan 1600 ball (superscore) olgan bo‘lsa, IELTS’dan 9 ballga ega. U IELTS’dan naq 17 marta imtihon topshirib, bu natijaga erishgan.
“SAT’ni birinchi marta 11-sinfdaligimda topshirganman. Dastlabki urinishda 1480 ball chiqqan. Ikkinchisida 1580 bo‘ldi: matematika – 800, ingliz tili – 780. Oxirgi topshirganimda esa teskarisi bo‘ldi: ingliz tilidan 800, matematikadan 780. Keyin bu natijalarni qo‘shib, superscore uslubida umumiy ballim 1600 chiqqan. IELTS esa men uchun eng qiyini bo‘lgan. Bu imtihonni 17 marta topshirganman: 3 marta Amerikadan, 14 marta O‘zbekistondan. Oxirgi urinishda maksimal ball olganman. Mazkur imtihon O‘zbekiston va AQShda faqat gapirish (speaking) qismida farqlanishi mumkin. Bu bo‘limni baholash juda sub’yektiv: ballaringiz imtihon oluvchi kim bo‘lishi, sizdan oldin va keyin kirgan nomzodlarning javob berishiga qarab o‘zgaradi. Shuning uchun, Amerikada speaking topshirish biroz qiyinroq”, – deydi u.
Boburjon Yyel, Harvard yoki Stenford kabi top oliygohlarda magistratura bosqichida o‘qib, Amerikada bir necha yil ishlab, yetarlicha tajriba to‘plaganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytish niyatida ekanligini ma’lum qildi,
Intervyu davomida u vatandoshlarining xorijdagi nufuzli oliygohlarga kirishiga ko‘maklashayotgan loyihasi, Jons Hopkins universitetga hujjat topshirish jarayonlari, portfolioni nimalar bilan boyitish lozimligi haqida gapirib bergan.
Suhbatni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Shohruzbek Abdurayimov
Montaj ustasi: Boburjon Anvarov
Mavzuga oid

22:29 / 28.06.2025
Detroytda vertolyotdan pul sochildi

17:35 / 28.06.2025
Tramp Eron oliy rahbarini «sharmandali o‘limdan» qutqarganini aytdi

15:19 / 28.06.2025
AQSh elchisi Rossiya bilan Pushkin satrlarini yozib xayrlashdi

14:55 / 28.06.2025