Jahon | 23:10 / 01.07.2025
5677
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Makron 3 yil ichida birinchi marta telefonda gaplashdi

O‘zaro suhbat 2 soatdan ortiq davom etdi. Tomonlar Ukraina va Eron yadro dasturini muhokama qildi.

Foto: Zuma/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml sayti xabar berdi.

Moskva Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro, shuningdek, Rossiya—Ukraina urushi muhokama qilingan suhbat «sermazmun» o‘tganini ta’kidladi.

«Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilish chog‘ida Vladimir Putin Ukrainadagi mojaro — bu Rossiyaning xavfsizlik manfaatlarini inkor etib kelgan, Ukraina hududida antirossiya platsdarmini yaratgan, rus tilida so‘zlashuvchi aholi huquqlarining buzilishiga ko‘z yumgan va endilikda esa mojaroni cho‘zishga harakat qilib, Kiyev rejimiga turli zamonaviy qurol-yarog‘lar yetkazib berishni davom ettirayotgan G‘arb davlatlari siyosatining bevosita natijasi ekanini eslatdi», — deyiladi xabrada.

Makron matbuot xizmati telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tganini tasdiqlab, u 2 soatdan ortiq davom etgani va unda Ukraina hamda Eron yadro dasturi muhokama qilinganini bildirdi. Qayd etilishicha, Fransiya prezidenti Ukrainada zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga chaqirgan.

Putin va Makron oxirgi marta 2022 yil sentabrda telefon orqali muloqot qilgan. Ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyin bir necha oy davom etgandi.

Makron 2025 yil fevral oyidayoq, «muzokaralar jarayonining qaysi bosqichida bu ma’qul bo‘lsa», Putin bilan suhbatlashishga tayyor ekanini aytgan edi.

Mavzuga oid