Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar sohasidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi
Prezident endi “Raqamli hukumat” bosqichiga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi. Buni, eng avvalo, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ta’lim, tibbiyot, qurilish va kommunal sohalaridan boshlash kerakligi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev 1 iyul kuni raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, IT-park rezidentlari 2 ming 800 dan oshgan, xorijiy kompaniyalar 752 taga yetgan. Bu sohada 40 ming nafar yoshlar yuqori daromad topyapti.
Oxirgi 5 yilda soha eksporti 170 million dollardan 1 milliard dollarga yaqinlashgan. Internet tezligi 7 barobar, mobil internet esa 4,5 barobar oshgan. O‘tgan yili sohadagi startaplarga 70 million dollar venchur investitsiya kiritilgan.
Bularning natijasida “Global startaplar indeksi” reytingida O‘zbekiston 12 pog‘ona yuqorilab, “TOP-100”likka kirdi. O‘tgan yili “Sun’iy intellektga tayyorlik” xalqaro indeksida O‘zbekiston 17 pog‘ona ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasining o‘sish sur’atlari bo‘yicha MDH mamlakatlari reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
Ta’kidlanishicha, kelgusi yilda davlat xizmatlarini raqamlashtirishni 70 foizga, IT xizmatlari miqdorini 100 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. “Elektron hukumat rivojlanish indeksi”da kamida 55-o‘ringa ko‘tarilish maqsad qilingan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun qator hujjat loyihalari ishlab chiqilgan.
Taqdimotda ushbu loyihalar va takliflar muhokama qilindi.
Bugungi kunda 760 ta davlat xizmati raqamlashtirilgan. O‘tgan yili 10 million fuqaro raqamli xizmatlardan foydalangan.
Davlat rahbari endi keyingi “Raqamli hukumat” bosqichiga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi. Buni, eng avvalo, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ta’lim, tibbiyot, qurilish va kommunal sohalaridan boshlash kerakligi aytildi.
O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 14 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan edi. Bu sohada infratuzilmani yaxshilashga 50 million dollar ajratildi. Sun’iy intellekt milliy modelini yaratib, 1 million nafar mutaxassis tayyorlash vazifasi belgilangan.
Raqamli texnologiyalar vaziri buni amalga oshirish bosqichlari, infratuzilmani yaxshilash tadbirlari haqida axborot berdi.
«Sohada xizmatlar hajmi va eksportini oshirish ham muhim vazifalardan. Hozirda bu boradagi ko‘rsatkichlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelyapti. O‘zbekistondagi sharoit va imtiyozlar natijasida boshqa relokantlar ham yurtimizga kelishdan manfaat ko‘ryapti. Shu bois har bir hududda jozibador muhit yaratib, chet el kompaniyalarini jalb etish muhimligi ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.
Mavzuga oid

20:55 / 01.07.2025
Prezident huzurida Olimpiya harakatini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi

19:55 / 01.07.2025
Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Ozarboyjonga boradi

15:29 / 30.06.2025
Prezident yoshlarning innovatsion ishlanmalari va istiqbolli loyihalari bilan tanishdi

15:01 / 30.06.2025