USAID dasturlarini keskin qisqartirish 14 million odamning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin
Boshqa narsalar qatorida, bunday dasturlar bezgak, turli tropik kasalliklar, OIV infeksiyasining asoratlari va boshqa kasalliklardan o‘limni kamaytirishga yordam bergan.

Foto: Getty images
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dasturlarini keskin qisqartirish haqidagi qarori tufayli 2030 yilga borib, dunyo bo‘ylab 14 milliondan ortiq odam nobud bo‘lishi mumkin. Bu haqda Lancet jurnalida chop etilgan tadqiqotda aytilgan.
Xalqaro tadqiqotchilar guruhi 2001 yildan 2021 yilgacha turli sabablarga ko‘ra barcha yoshdagi odamlarning o‘limiga USAID yordam dasturlarining ta’sirini baholash uchun 133 ta mamlakat va hududlardan, jumladan, past va o‘rta daromadli mamlakatlardan olingan ma’lumotlarni tahlil qildi.
Natijada nashr mualliflari 20 yildan ortiq vaqt davomida USAID dasturlari butun dunyo bo‘ylab 91 milliondan ortiq o‘limning, jumladan, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida 30 million o‘limning oldini olishga yordam bergan degan xulosaga keldi. Boshqa narsalar qatorida, bunday dasturlar bezgak, turli tropik kasalliklar, OIV infeksiyasining asoratlari va boshqa kasalliklardan o‘limni kamaytirishga yordam bergan.
«Biz taxmin qilamizki, agar moliyalashtirishni keskin qisqartirish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinmasa, 2030 yilga borib oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlari keskin ko‘payishi mumkin», deyiladi tadqiqotda. Masalan, 2030 yilga borib barcha yoshdagi 14 milliondan ortiq odam, jumladan, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida 4,5 million o‘lim bo‘lishi mumkin.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) 1961 yilda tashkil etilgan. 2025 yilda uning chet el yordami uchun budjeti 42,8 milliard dollarni tashkil qilishi kerak edi. Agentlik, boshqa narsalar qatorida, butun dunyo bo‘ylab gumanitar dasturlarni moliyalashtirdi.
Yanvar oyida AQSh prezidenti Donald Tramp davlat xarajatlarini qisqartirish siyosati doirasida USAID tashqi yordamini 90 kunga muzlatib qo‘ydi. USAID rahbariyati AQSh Davlat departamenti nazoratiga o‘tdi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio mart oyida Vashington USAID dasturlarining 83 foizini to‘xtatganini e’lon qildi.
Mavzuga oid

20:31
KXDR «frilanserlari» Amerika kompaniyalarida millionlab dollar ishlab topdi

17:15
Tramp va Mask yana bahslashib qoldi

15:16
Tramp Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qiluvchi farmonni imzoladi. Qanday yengilliklar berilmoqda?

08:37