Diplomatik munosabatlardan ittifoqchilikkacha: O‘zbekiston-Ozorboyjon aloqalarining yangi modeli haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Davlat tashrifi bilan Ozorboyjonning Boku shahriga keldi. Tashrif davomida strategik xamkorlik va ittifoqchilikning hamda davlatlararo Oliy Kengashning ikkinchi yig‘ilishi va iqtisodiy hamkorlik Tashkilotining 17-sammitida ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bu yil ikki mamlakat diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydi.
O‘zaro xamkorlikning rivojlanishida 2024 yilda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma muhim axamiyat kasb etmoqda. Rasmiy tashrif davomida o‘tadigan uchrashuvlar keyingi yillarda davom etib kelayotgan strategik sheriklik, ittifoqchilik va iqtisodiy hamkorlikni yanada kegaytirishda oliy darajadagi o‘zaro muloqotning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ladi.
Birinchidan, iqtisodiy aloqalar kengayishi va chuqurlashishi kuzatilmoqda. Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo iqtisodiy munosabatlarda an’anaviy hamkorlik yo‘nalishlar bilan bir vaqtda energetika, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi va yuqori texnologiyalar kabi strategik yo‘nalishlar vujudga keldi va rivojlanib bormoqda. Jumladan, tovar ayirboshlash hajmi 253 million dollarga yetib, qo‘shma korxonalar soni 5 barobar oshdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarboyjon kapitali ishtirokidagi 240 dan ortiq kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, Ozarboyjon bozorida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kompaniyalari soni 70 taga yetdi.
O‘zavtosanoat va Azermash kompaniyalarining qo‘shma loyihasi doirasida Hojigabuli sanoat parki negizida Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 9000 ga yaqin avtomobil ishlab chiqarilgan. Umumiy kapitali 500 mln dollar bo‘lgan O‘zbekiston-Ozarboyjon investitsiya kompaniyasi bunday qo‘shma ishlarning barqarorligi va ko‘lamini ta’minlashda muhim vosita bo‘ldi. Hozirgi kunda ushbu investitsiya kompaniyasi yordamida qiymati 15 mln dollardan ortiq bo‘lgan 360 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Ikkinchidan, ikki mamlakatning hududlararo aloqalari to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga amaliy yordam bermoqda. Bugungi kunda ikki davlatning 11 shahrida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzilgan. O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston o‘rtasida xalqaro energiya koridorini yaratishni nazarda tutuvchi "yashil energiya" sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirishni boshladilar.
Uchinchidan, transport sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama kun tartibida strategik muhim o‘rin tutmoqda. Ikki davlat transport va logistika koridorlari yo‘nalishida amaliy harakatlarni boshlagan. Hozirgi kunda O‘zbekiston Ozarboyjon infratuzilmasi orqali yuk tashish 5 baravar ko‘paygan. Tomonlar eksport uchun barqaror va siyosiy jihatdan mustaqil muqobil yo‘nalish sifatida qaraladigan O‘rta yo‘lak, Trans-Kaspiy yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratmoqda.
To‘rtinchidan, ikki mamlakat o‘rtasida keng qamrovli madaniy-gumanitar aloqalar ham rivojlanmoqda. Gumanitar aloqalarni mustahkamlashda madaniyat va kino kuni, shuningdek, ikki mamlakat ijodiy va ilmiy ziyolilari o‘rtasidagi muloqotlar alohida o‘rin tutadi.
Bokuda buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi. Toshkentda mashhur shoir, fors she’riyati klassikasi Nizomiy Ganjaviy haykali o‘rnatilgan. Toshkentda esa Ozarboyjon xalqining milliy yetakchisi Haydar Aliyevning yodgorlik majmuasi barpo etilgan. Keyingi yillarda ikki mamlakatda turizm sohasi rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, 2024 yil 1997 yilgi fuqarolar uchun vizasiz sayohat to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirishlar kiritildi, bu ikki mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmasdan qolish muddatini 7 kundan 15 kungacha oshirdi. Bularning natijasi o‘laroq O‘zbekistonga tashrif buyurgan ozarboyjonlik mehmonlar soni 10 mingdan (2022 yilda) 18 mingga (2024 yilda) oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekistondan Ozarboyjonga sayyohlar soni 11 mingdan 16 ming mehmongacha oshdi.
Beshinchidan, ikki tomonlama xamkorlikda Ta’lim va yosh kadrlar malakasini oshirish sohasiga alohida e’tibor berilmoqda. Bugungi kunda Ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan va tajriba almashiladigan 40 dan ortiq hamkorlik shartnomalari mavjud. Jumladan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Boku neft Oliy maktabi o‘rtasida neft va gazni qayta ishlash sohasida, shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Ozarboyjon davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida Moliya va biznesni tahlil qilish bo‘yicha qo‘shma magistrlik dasturlarini ishga tushirish rejalashtirilgan
Shunday qilib, O‘zbekiston va Ozarboyjon bugungi xalqaro munosabatlar ziddiyatlashayotgan bir sharoitda yangidan shakllayotgan tartibotning modeli sifatida hamkorlikning o‘ziga xos ko‘rinishini va yo‘nalishini namoyon qilmoqda. Iqtisodiyot, energetika, transport va "yashil" texnologiyalar sohasida ikki davlatning bir-biriga intilishi strategik sheriklik va ittifoqchilik uchun mustahkam poyodevor yaratadi. Prezident Sh.Mirziyoyevning Bokuga tashrifi davom etib kelayotgan muloqotning mantiqiy davomi bo‘libgina qolmay strategik hamkorlikning yangi yo‘nalishlari uchun katta zamin hamdir.
Sayfiddin Jo‘rayev
siyosiy fanlar doktori, professor
Mavzuga oid

16:40
Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi

14:24
O‘zbekiston va Afg‘oniston iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga kelishib oldi

21:25 / 03.07.2025
Shavkat Mirziyoyev IHT sammitining madaniy tadbirlarida ishtirok etdi

18:33 / 03.07.2025