O‘zbekiston | 16:06 / 02.07.2025
5299
4 daqiqa o‘qiladi

Issiqdan qanday saqlanish kerak? – JSST tavsiyalari

O‘zbekistonda yaqin kunlarda havo harorati +40 darajadan yuqori bo‘ladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti quyoshda yurishdan saqlanishni maslahat bermoqda. JSST, shuningdek, bolalarni mashinada qoldirmaslik lozimligini ta’kidlab, konditsionerdan qanday to‘g‘ri foydalanish kerakligini ham tushuntirdi.

Foto: Kun.uz

O‘zgidromet 2–5 iyul kunlari O‘zbekistonga jazirama issiq kirib kelishi haqida ogohlantirdi. Mamlakat hududiga janubdan juda issiq havo kirib kelishi kutilmoqda. Harorat +40…+43 darajagacha, ba’zi joylarda +44…+46 darajagacha ko‘tariladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi jazirama juda tez xastalashi yoki hatto o‘limga olib kelishi mumkinligini eslatdi, shuning uchun issiqlik haqidagi har qanday ogohlantirish tezkor choralar ko‘rish uchun signal bo‘lishi kerak.

JSST o‘zini va yaqinlarini qizib ketish va termik kuyishdan qanday himoya qilish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi.

Issiqda qolmaslikka harakat qilish

  • Quyosh eng qizigan paytda tashqariga chiqmaslikka harakat qiling. Bu vaqtda jismoniy faollikni cheklang.
  • Soyada bo‘ling. Quyoshda bo‘lganingizda, atrof-muhit harorati 10−15 darajaga yuqoriroq tuyilishi mumkin.
  • Agar iloji bo‘lsa, kunning kamida ikki-uch soatini salqin xonada o‘tkazing.
  • Cho‘kish xavfini unutmang. Hech qachon suvda yolg‘iz suzmang.
  • Rasmiy ob-havo ogohlantirishlarini diqqat bilan kuzating.

Uyni salqin saqlash

  • Kechqurun va erta tongda havo salqin bo‘lganida derazalarni oching.
  • Kunduzi tashqarida harorat xonaga qaraganda yuqori bo‘lganda derazalarni, pardalarni yopib, quyosh nurlarining kirishini cheklang.
  • Elektr jihozlarini imkon qadar o‘chiring.
  • Elektr ventilyatorlardan faqat 40 darajadan past haroratda foydalaning. 40 darajadan yuqori haroratda ventilyator tanani yanada qizdiradi.
  • Agar konditsioner bilan birgalikda elektr ventilyator ishlata olsangiz, haroratni 27 darajaga o‘rnating va elektr ventilyatorni yoqing — xonadagi harorat 4 darajaga pastroq his qilinadi. Shu yo‘l bilan xonani sovitish uchun sarflanadigan elektr energiyasini 70 foizgacha tejash mumkin.
  • Esda tuting, tashqaridagi soya ostida bo‘lish ichkari xonaga qaraganda salqinroq bo‘lishi mumkin.

Tana qizib ketishi va suvsizlanishdan saqlanish

  • Yengil, keng va havo o‘tkazuvchi kiyimlar kiying, «nafas oluvchi» choyshablardan foydalaning.
  • Vaqti-vaqti bilan sovuq dush qabul qiling yoki vannaga tushib turing.
  • Terini nam mato yoki sprey yordamida namlang yoki namlangan yengil kiyim kiying.
  • Har soatda kamida bir stakan suv iching, kuniga kamida 2−3 litr.
  • 65 yoshdan oshgan keksalar, yurak, o‘pka, buyrak kasalliklari va nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, yolg‘iz tanish va yaqinlaringiz ahvolidan tez-tez xabar olib turing.

Chaqaloqlar va bolalarni himoya qilish

  • Qancha vaqtga ketganingizdan qat’i nazar, bolalar yoki hayvonlarni to‘xtab turgan avtomobillarda qoldirmang — ichki harorat xavfli darajaga yetishi mumkin.
  • Bolalar imkon qadar soyada yoki salqin joyda bo‘lishi kerak.
  • Bolalar aravachasini quruq mato bilan yopmang — bu havoning aylanishiga to‘sqinlik qiladi va issiqlikni ushlab qoladi. Buning o‘rniga, ho‘l yupqa mato ishlating yoki portativ ventilyator qo‘llang.
  • Bolaga yengil, keng kiyim kiydiring, boshi soyabonli pana bilan yopilsin. Quyoshdan himoyalovchi krem va ko‘zoynak ham foydali.

Mavzuga oid