Ozarboyjonda rus tilidagi maktablar yopilishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi
Ta’kidlanishicha, Ozarboyjon maktablarida rus tilida o‘qitish uch yil ichida bosqichma-bosqich to‘xtatiladi. Rasmiy manbalar buni tasdiqlamadi, ammo inkor ham qilmadi.

Foto: Getty images
Ozarboyjonning Oxu nashri xabariga ko‘ra, mamlakat hukumati Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi ortidan rus tilidagi maktablarni yopishga qaror qilgan. Jurnalistlar maktablarning WhatsApp chatlarida tarqalgan bildirishnomalarga tayanmoqda.
Ta’kidlanishicha, Ozarboyjon maktablarida rus tilida o‘qitish uch yil ichida bosqichma-bosqich to‘xtatiladi. «Ushbu qaror Ozarboyjon tilining asosiy ta’lim tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash va barcha fuqarolarni yagona ta’lim muhitiga integratsiyalashga qaratilgan», deyiladi nashr xabarida.
Xuddi shunday qaror oliy o‘quv yurtlarida rus tilidagi ta’limni to‘xtatish to‘g‘risida ham qabul qilindi, deb yozdi Oxu. Yangi o‘quv yilidan boshlab o‘qitish faqat Ozarboyjon va ingliz tillarida olib boriladi, shuning uchun barcha rusiyzabon talabalar 20 avgustgacha Ozarboyjon tilidan imtihon topshirishi kerak.
Meduza nashrining ta’kidlashicha, Ozarboyjondagi rus maktablarining yopilishi haqidagi ma’lumotlar soxta xabarlarni chop etishga ixtisoslashgan «Imperiya ochen zla» satirik Telegram-kanalida tarqalgan. Tegishli eslatma 30 iyun kuni kanalda paydo bo‘lgan. «Ogoh bo‘ling, soxta va qo‘pol kinoya bo‘lishi mumkin. Yozilganlar fantastika, barchasi tasodif», deyiladi kanal tavsifida.
Shunga qaramay, Rossiyaning RBK agentligi Ozarboyjon ta’lim muassasalaridan biridagi manbadan rus maktablarining yopilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.
Ommaviy axborot vositalarining so‘roviga javoban Ozarboyjon Fan va ta’lim vazirligi maktab va universitetlarda rus tilida ta’lim to‘xtatilishi haqidagi savolga javob bermadi va davlat ta’lim siyosati haqidagi yangiliklarni faqat rasmiy manbalardan izlash shartligini eslatdi.
Qayd qilinishicha, ayni paytda Ozarboyjonda 340 ta rus tilidagi maktab mavjud (shundan 16 tasi faqat rus tilida ta’lim beradi). Bunday maktablarda jami 150-160 ming o‘quvchi ta’lim oladi.
Mavzuga oid

17:23
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning Fuzuliy shahriga bordi

16:34
Rossiyada o‘yinchoq qurol bilan raqsga tushgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi

16:09
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Haydar Aliyev va Ozarboyjon qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi

15:55