O‘zbekiston | 13:53 / 02.07.2025
15766
3 daqiqa o‘qiladi

Xo‘jaobodda profilaktika inspektori pichoqlandi. Qotil qidirilmoqda

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida oila a’zolariga pichoq bilan tahdid qilayotgan 65 yoshli erkak, chaqiruvga asosan voqea joyiga yetib kelgan profilaktika inspektori Abdurasul Abduvaliyevni pichoq bilan jarohatladi. IIB xodimi shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etdi. Qotil qidirilmoqda. IIV uning qayerdaligi haqida ma’lumotga ega fuqarolardan zudlik bilan xabar berishni so‘radi.

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda qotillik qurboniga aylandi.

Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 1 iyul kuni soat 20:50 larda tumanning Yuksalish mahallasidagi xonadonda janjal bo‘layotgani haqida 102 qisqa raqamiga kelib tushgan xabar bo‘yicha hudud profilaktika inspektori katta leytenant A.Abduvaliyev, mahalla raisi A.Mamataliyev bilan birga voqea joyiga yetib borishgan.

Aniqlanishicha, 1960 y.t. fuqaro Xolbozorov Yunusali Tumarovich mast holda o‘z oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Hujumchini zararsizlantirish jarayonida Xolbozorov qo‘lidagi pichoq bilan katta leytenant Abduvaliyevning ko‘krak qismiga zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Inspektor olgan jarohati natijasida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi "g" bandi (xizmat burchini bajarayotgan shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumondor Yu. Xolbozorov voqea joyidan yashiringan. Hozirda uni ushlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Ushbu shaxs haqida biron-bir ma’lumotga ega bo‘lsangiz, zudlik bilan yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz so‘raladi. Ma’lumot bergan fuqaroning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Fuqarolarning hayotini asrash maqsadida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, mardlik va fidoyilik ko‘rsatgan holda halok bo‘lgan Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektori katta leytenant Abduvaliyev Abdurasul Qaxarovichning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiramiz”, – deyiladi IIV axborotida.

Yuqoridagi modda asosida qotilni 15 yildan 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda.

Mavzuga oid