Jahon | 23:21 / 03.07.2025
2455
6 daqiqa o‘qiladi

“Tasodifiy, lekin yaxshi kontekst” - ekspertlar Ozarboyjonga tashrifning geosiyosiy ahamiyati haqida

O‘zbekiston prezidentining Ozarboyjonga davlat tashrifi Boku–Moskva munosabatlari ancha taranglashgan kunlarga to‘g‘ri kelib qolgani, garchi tasodif bo‘lsa-da, turkiy birlikni urg‘ulovchi yaxshi signal bo‘ldi, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov. Iqtisodchi Shuhrat Rasul ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik uchun juda katta potensial va xalqaro platformalar borligini qayd etdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturi 3 iyul kungi sonida, global maydondagi so‘nggi voqeliklar tahlil qilindi. Avvaliga ekspertlar prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarboyjonga davlat tashrifi asnosida Toshkent–Boku ittifoqchiligi haqida so‘z yuritdi.

Kamoliddin Rabbimov: Avvalo, rasmiy Toshkentning tashqi siyosiy va geosiyosiy munosabatlarida O‘zbekiston-Ozarboyjon aloqalarining o‘rnini aniqlashimiz kerak. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan so‘ng, ya’ni o‘tgan 34 yil mobaynida bor-yo‘g‘i to‘rtta davlat bilan ittifoqchilik munosabatlarini shakllantirdi.

Birinchi ma’muriyat davrida faqat bitta davlat – Rossiya bilan, 2006 yilda ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi. Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach esa, biz bilan mintaqaviy yoki o‘zlik jihatdan tarixan bog‘liq bo‘lgan uchta davlat bilan qisqa muddatda ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdi.

2022 yilning fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi, shu yilning dekabriga borib O‘zbekiston va Qozog‘iston ittifoqchi davlatlar bo‘ldi. 2023 yilda biz ikkita davlat bilan ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdik: bular Tojikiston va Ozarboyjon. Ya’ni Ozarboyjon – O‘zbekistonning to‘rtta ittifoqchisidan biri hisoblanadi.

O‘zbekistonning birinchi ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya bilan imzolangan shartnoma – murakkab, ziddiyatli siyosiy va geosiyosiy kontekstda, majburan tuzilgan edi. Lekin qolgan uchta davlat O‘zbekistonning tabiiy ittifoqchilari: o‘zlik nuqtayi nazaridan, tarixiy birlik nuqtayi nazaridan, til birligi nuqtayi nazaridan. Ularning uchalasi ham – musulmon davlatlari, bevosita yoki bilvosita qo‘shni davlatlar.

Ozarboyjon bilan o‘zaro chegaramiz yo‘q, lekin tarixiy bog‘liqligimiz judayam kuchli. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida, hozirgi zamonda talqin qilib sodda shaklda aytadigan bo‘lsak, o‘zbekistonlik yigit Farhod ozarboyjonlik qiz Shirinni yoqtirib qoladi. Shundan ham ikkita katta millatning tarixiy bog‘liqligini ko‘rish mumkin.

Prezident Mirziyoyevning Ozarboyjonga shu kunlarda borishi bir necha oy oldin belgilab qo‘yilgan edi. Davlat tashriflari ancha avvaldan, puxta rejalashtiriladi. Tashrif Bokuning Moskva bilan munosabatlari ancha taranglashgan kunlarga to‘g‘ri kelib qolgani, garchi tasodif bo‘lsa-da, yaxshi bir kontekst va signal deb o‘ylayman.

Ikki davlat o‘rtasida ham siyosiy elitalar, ham jamiyatlar o‘rtasida yaqin munosabatlar real shakllanyapti. Kecha Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev: “Qorabog‘ qaytarib olingandan keyin, hududga birinchi tashqi dunyodan kelgan lider O‘zbekiston prezidenti bo‘ldi”, dedi. 2023 yilda Shavkat Mirziyoyev Qorabog‘dagi Fuzuliy shahriga borganida, Mirzo Ulug‘bek nomidagi katta bir maktab ochib berilgan edi. Bu maktab O‘zbekiston xalqining Ozarboyjon xalqiga sovg‘asi bo‘lgandi.

Ozarboyjon NATOga intilayotgani yo‘q, mintaqada Rossiyaga qarshi u yoki bu loyihalarni amalga oshirayotgani yo‘q. Boku va Moskva o‘rtasida so‘nggi yarim yilda kuzatilayotgan taranglik uchun mas’uliyat Rossiya tarafida. Chunki o‘tgan yili dekabrda Ozarboyjon fuqarolik samolyoti urib tushirilgani uchun Rossiya tomoni haligacha kechirim so‘ramadi, bu ishni yopdi-yopdi qilyapti. Hatto Ozarboyjonning o‘zini ayblashga harakatlar ham bo‘ldi.

Rossiya shunaqa davlatki, kimdir unga “mana buni xato qilding” desa, jahli chiqib ketadi va nosog‘lom javob qaytaradi. Masalan, Amerika, Angliya, Fransiya yoki Yaponiya ham qudratli davlatlar, lekin ular muammo yuzaga kelganda, ratsional yo‘l tutadi. Muammoni shunday hal qiladiki, o‘zining ta’siri va manfaatlarini aksincha kuchaytirib olishga ham erishadi.

Shuhrat Rasul: Ozarboyjon – bizga qardosh davlat. Lekin iqtisodiy munosabatlarimiz bor imkoniyatlar darajasida emas va buning asosiy sababi – geografiya. Markaziy Osiyo bilan bog‘lanish uchun o‘rtamizda butunboshli Kaspiy dengizi bor. 2023 yilni tahlil qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi savdo aylanmasi 253 mln dollar bo‘lgan xolos. Ozarboyjon – O‘zbekistonning top-10 savdo hamkorlari qatoriga kirmaydi. Lekin ikki davlat rahbarlari uchrashuvida savdo aylanmasini 2030 yilgacha 1 mlrd dollarlik marraga yetkazish rejalashtirildi.

Aynan geografik to‘siqni bartaraf etish ustida ishlanyapti. Kaspiy atrofida bizning maqsadlarimizga ham ko‘mak beruvchi ikkita loyiha bor: Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi va Yevroittifoqning Markaziy Osiyoni Yevropaga bog‘lovchi “Global Gateway” loyihasi. Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa va Shimoliy Afrika bilan savdo aloqalari Ozarboyjon orqali o‘tadi. Umuman, Ozarboyjon kelajakda Yevrosiyodagi eng yirik quruqlik habiga aylanmoqchi bo‘lyapti va biz bu ma’noda qardoshlarimizga qo‘ygan maqsadlariga erishishda tilakdoshmiz. Bundan, albatta, O‘zbekiston ham foydalanishi mumkin.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da batafsil tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid