Jahon | 08:32 / 04.07.2025
3033
2 daqiqa o‘qiladi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish narxi keskin tushib ketdi

23 iyundan 29 iyunga qadar bir hafta ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali 885 ta kema o‘tdi.

Foto: AP

O‘tgan hafta Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochish to‘xtatilganidan so‘ng, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tijoriy yuk tashish oshib bordi va xom neft hamda qayta ishlangan mahsulotlarni tashish narxi keskin pasaydi.

Isroilning Eronga hujumi bilan boshlangan 12 kunlik to‘qnashuvda global savdo uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi diqqat markazida bo‘ldi. Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishi, bo‘g‘oz orqali neft va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) savdosini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligi haqidagi xavotirlar narxlar va yuk tashish narxining oshishiga olib keldi.

Ikki davlat o‘rtasidagi 12 kunlik qarama-qarshilik davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijoriy yuk tashish hajmi sezilarli darajada qisqargani yo‘q, biroq 24 iyun kuni e’lon qilingan otashkesimdan so‘ng bo‘g‘oz orqali tranzit bilan bog‘liq xavotirlar pasaydi.

Britaniya dengiz savdo tashkiloti (UKMTO) 23-29 iyundagi bir hafta uchun Yaqin Sharq bo‘yicha bergan bahosida mintaqadagi tahdid darajasini «sezilarli» deb ta’rifladi, biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tijoriy yuk tashish harakati normal holatga kelgani va yuk tashish uchun hech qanday xavf yo‘qligini bildirdi. Tashkilot sulhning mustahkamlanishi Fors ko‘rfazidagi taranglikni kamaytirishini ta’kidladi.

«Anadolu» agentligi muxbirining UKMTO ma’lumotlariga asoslanib tuzgan ma’lumotiga ko‘ra, 23-29 iyun kunlarida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan 885 ta kema o‘tgan. Bu ko‘rsatkich Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro davom etgan 16-22 iyunga nisbatan 4 foizga ko‘pdir.

Mavzuga oid