O‘zbekiston | 18:31
1744
9 daqiqa o‘qiladi

«Afg‘onistonda tinchlik va normal davlatchilik bo‘lishiga eng ko‘p intilayotgan davlat – O‘zbekiston» - Kamoliddin Rabbimov

Rossiya «Tolibon»ni «birinchi bo‘lib» tan olgani haqidagi xabarlar ko‘plab muhim faktlarni aks ettirmaydi. Xususan, RFning Afg‘oniston bo‘yicha siyosati juda ziddiyatli. Bu yurtda fuqarolik urushining qayta boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va Kobuldagi hukumatning boshqa musulmon davlatlari kabi mo‘’tadil bo‘lishiga erishish uchun O‘zbekiston rahbariyati real sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda, deydi siyosatshunos.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiya Federatsiyasi Afg‘oniston Islom Amirligini rasman tan olganini e’lon qildi. Matbuotda Rossiya bu borada birinchi bo‘lgani aytilmoqda. Lekin mavzuning bir qator nyuanslari bor. Kun.uz muxbiri ayni mavzuda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Rossiya «Tolibon»ni haqiqatan tan oldimi?

— Tan olish jarayoni boshlandi. Tan olishning yuridik va xalqaro diplomatik qoidalari bor. Aytaylik, Rossiyada «Tolibon»ni tan olish uchun ikki tomon o‘rtasida to‘laqonli diplomatik aloqalar o‘rnatilishi kerak va «Tolibon»ning Rossiyaga yuborgan elchisidan ishonch yorlig‘ini tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari emas, aynan prezident qabul qilishi lozim, chunki bu prezident vakolatiga kiradi. Lekin hali bu darajaga yetib borilgani yo‘q.

«Tolibon»ni tan olish bo‘yicha barcha davlatlar yakdil emas. Kollektiv g‘arb – Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo davlatlar «Tolibon»ni tan olishda shoshilayotgani yo‘q. Birinchidan, xalqaro hamjamiyat qo‘ygan shartlar mavjud, ikkinchidan, bugungi kunda Afg‘oniston va «Tolibon» ularni u qadar qiziqtirayotgani yo‘q.

Ular qarashyaptiki, Afg‘oniston – tinch. Ichki ijtimoiy yoki etnik to‘qnashuvlar, mojarolar yoki fuqarolik urushi kuzatilmayapti. To‘g‘ri, ijtimoiy va iqtisodiy muammolar mavjud. Lekin bu safar «Tolibon» siyosiy tizimi birinchi versiyasiga qaraganda ancha mas’uliyatliroq. Ular bu safar katta siyosiy eksperimentlar o‘tkazish niyatida emas. Asosiy maqsadlari – xavfsizlik, barqarorlik, vazminlik. Lekin ma’lum bir masalalarda qo‘shni davlatlar va jahon hamjamiyati bilan hali kelishuvga erishilgani yo‘q. Chunki «Tolibon» bu – mafkuraviy harakat. Ularning siyosiy qarashlari va diniy aqidalari o‘zaro chatishgan. Etnik pushtunlarning tarixiy an’analari dinni talqin qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Birinchi versiyadagi «Tolibon» 1996 yildan boshlab kuchayib, 1998 yilga kelib Afg‘onistonning katta qismini egallab olgan edi. 2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng, oradan bir oy o‘tmay Amerika Afg‘onistonga kirdi va «Tolibon» hokimiyati yiqitildi.

U vaqtdagi «Tolibon» modernizm bilan, zamonaviy texnologiyalar bilan, jumladan televideniye bilan kurashgan edi. Bu safar bu xatolarni takrorlamayapti. Birinchi versiyadagi «Tolibon» asosan etnik pushtunlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozir ularning tarkibi ancha keng. 20 yillik urush davomida amallari va tafakkurlari o‘zgardi. Bugungi «Tolibon» faqat etnik pushtunlarni emas, balki Afg‘onistonni kengroq ifoda etuvchi harakatga aylandi.

— Rossiyada elchilardan ishonch yorliqlarini shaxsan prezident qabul qiladi. O‘zbekistonda esa prezident ham, tashqi ishlar vaziri ham qabul qilishi mumkin. Kuni kecha Rossiyada «Tolibon» elchisi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosariga ishonch yorlig‘ini taqdim etgan bo‘lsa, o‘tgan yili «Tolibon» tayinlagan elchini O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri qabul qilgandi. Bosh vazir Abdulla Aripov darajasidagi delegatsiya Kobulda ham bo‘lib qaytdi. Shulardan kelib chiqilsa, O‘zbekiston de-fakto «Tolibon» hokimiyatini tan olgan, desak bo‘ladimi?

— O‘zbekiston Afg‘oniston borasida tinchlik, barqarorlik va rivojlanishga qaratilgan o‘z konseptual qarashiga ega. Hali prezident Ashraf G‘ani hokimiyatda bo‘lgan payti, AQSh va G‘arb koalitsiyasi Afg‘onistondan chiqmagan 2018 yildayoq O‘zbekiston «Tolibon» bilan muloqot va dialogni boshlagan edi. Mulla Barodar o‘sha paytda «Tolibon»ning Dohadagi ofisi rahbari edi. 2018 yilda O‘zbekiston ularni Samarqandga taklif qilgandi.

Ya’ni hokimiyatga «Tolibon» kelishini O‘zbekiston avvalroq taxmin qilgan va aloqa o‘rnata boshlagandi.

— Aynan o‘sha yillari Rossiya tomoni Markaziy Osiyo davlatlarini «Tolibon» omili bilan qo‘rqitar edi.

— Rossiyaning «Tolibon»ga nisbatan ichki siyosati ham, tashqi siyosati ham o‘ta ziddiyatli. Bir tomondan, Rossiya G‘arbga toliblar normal, Afg‘onistondan tezroq chiqib keting der edi. Markaziy Osiyoga kelganda esa, «Toliblar»ni olabo‘ji qilib ko‘rsatar edi. «Hokimiyatga toliblar kelyapti, xavfsizlik kalitlarini menga bermasangiz, KXShTga kirmasangiz, ertami-kechmi Markaziy Osiyoda vaziyat portlaydi» derdi.

AQShning Afg‘oniston urushi 20 yil – 2001 yildan 2021 yilgacha davom etdi. Shunday ma’lumotlar borki, bu davrda Rossiya Federatsiyasi yashirincha, ba’zan esa oshkora «Tolibon»ni to‘liq qo‘llab-quvvatladi, hatto qurol-aslahalar yetkazib berdi. Maqsad – AQShning u yerda mag‘lub bo‘lishiga erishish edi. Vaholanki, Rossiya 2003 yilda «Tolibon»ni terroristik tashkilot deb tan olgandi.

Rossiyaning yana bitta noto‘g‘ri aytayotgan joyi bor. Xitoy Xalq Respublikasi allaqachon «Tolibon» bilan Rossiyadan ham yuqoriroq rasmiy darajada muloqotlarni o‘rnatib bo‘lgan. 2024 yil yanvarda toliblar elchisidan ishonch yorlig‘ini Si Jinpingning o‘zi qabul qilgan.

Bugungi kunda Afg‘oniston ichkarisida kuchli geosiyosiy raqobat ketyapti deyish noo‘rin bo‘ladi. «Tolibon» qudratli davlatlarning geosiyosiy o‘yiniga o‘ynashga moyil emasligini ko‘rsatdi. Xitoy yoki Rossiyaning komandasiga kirib ketgani yo‘q. Imkon qadar mustaqil geosiyosiy kurs olib borishga harakat qilayotgandek. Hozircha menda shunday tasavvur shakllanib ulgurdi.

Bir vaqtlar Rossiya «Tolibon»ga yashirincha Markaziy Osiyoga bosim qiling degan holatlar bo‘ldi, lekin «Tolibon» bunday qilmadi. «Tolibon» tafakkurida musulmon bo‘lmagan davlatlarning manfaatlari uchun nega beshta musulmon davlatni qo‘rqitishim kerak, degan yondashuv bordek ko‘rinadi.

Afg‘onistonni normallashtirish va dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi borasida asosiy lobbichilik qilayotgan davlat – bu O‘zbekiston. Buni Afg‘oniston yaxshi tushunyapti. Lekin dunyo davlatlari bu mamlakat borasida shijoat ko‘rsatmayotgandek.

Shu bilan birga, «Tolibon»ning o‘zi ham dunyo hamjamiyati bizni tezroq tan olsin deb shoshilayotgani yo‘q. «Biz sabrlimiz, tan olish sizlarning manfaatingizga to‘g‘ri kelsa, xursand bo‘lamiz, kim biz bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘lsa, biz ham tayyormiz, kimki bizga tahdid qilsa, kurashishga ham tayyormiz» degan pozitsiyada turgandek. Esingizda bo‘lsa, Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistonga qaytarish haqida aytgandi. O‘shanda «Tolibon»: «Marhamat, biz sizni kutyapmiz» degan mazmunda gapirgandi, shundan keyin Tramp bu gapini takrorlamadi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid