Jahon | 09:40
914
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azoga yangi hujumi oqibatida 37 falastinlik halok bo‘ldi

Isroil hujumlarida gumanitar yordam kutayotgan odamlar ham nishonga olingan.

Foto: AP

Isroilning G‘azo sektorida ertalab boshlangan qator hujumlari oqibatida kamida 37 nafar falastinlik, jumladan, gumanitar yordam kutayotgan 15 kishi halok bo‘ldi.

«Anadolu»ga guvohlar bergan ma’lumotga ko‘ra, Isroil armiyasi yordam kutayotgan odamlar guruhlari, ko‘chirilganlar joylashgan chodirlar, maktab va turar joylarni nishonga olgan.

Eng yirik hujum Xon-Yunus sharqidagi evakuatsiya hududida sodir bo‘lgan, u yerda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 15 kishi halok bo‘lgan va 90 ga yaqin kishi jarohatlangan.

G‘azo shahri janubidagi Sabra mahallasida Deyri oilasining uyiga berilgan havo hujumida 3 kishi halok bo‘ldi.

Sektorning markaziy qismida, Bureyj qochqinlar lagerida, Chelebilar oilasining uyiga qilingan havo hujumida to‘rt falastinlik halok bo‘ldi.

Zarbalarning eng katta intensivligi G‘azoning janubiy hududlarida qayd etilgan. Xon-Yunus g‘arbidagi Mevasida ko‘chirilganlar yashaydigan chodirga havo hujumi uyushtirildi.

Tayba minoralari yaqinida sodir bo‘lgan hujumda aksariyati ayollar va bolalar bo‘lgan 8 kishi halok bo‘ldi.

Xon-Yunus qirg‘oqlari bo‘ylab ikki chodirga berilgan havo hujumi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, bir necha kishi, jumladan, ayollar va bolalar yaralandi.

Yana bir hujumda odamlar yordam kutayotgan Britaniya dala kasalxonasi yonidagi chodir nishonga olindi.

Zarba oqibatida uch kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan.

Mavzuga oid