O‘zbekiston | 19:00 / 07.07.2025
2915
2 daqiqa o‘qiladi

Vaqtinchalik ro‘yxatda turgan fuqarolarning farzandlarini maktabga qabul qilishda cheklovlar mavjud emas – MMTV

Vaqtinchalik ro‘yxatda turgan fuqarolarning farzandlarini maktabga qabul qilish jarayoni 1 avgustdan boshlanadi.

Foto: Kun.uz

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (MMTV) ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatda turganlarning farzandlari maktabga qabul qilinmayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Qayd qilinishicha, vaqtinchalik ro‘yxatda turgan fuqarolarning farzandlarini maktabga qabul qilishda cheklovlar mavjud emas.

«Konstitutsiya hamda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, maktab yoshiga yetgan har bir bolaning bilim olish huquqi kafolatlanadi va hech bir bola ta’limga jalb etilmasdan — maktabga joylashmasdan qolmaydi», deyiladi bayonotda.

MMTV ushbu qonuniy talablardan kelib chiqqan holda, bolalarning bilim olish va maktabga jalb etishda birdek mas’ul va manfaatdor ekanini ma’lum qildi.

«Ota-onalardan farzandlarini joriy yil 31 iyulga qadar doimiy yashash manzili bo‘yicha maktabga joylashtirishini so‘ragan holda, 1 avgustdan e’tiboran mikrohududdan tashqari, shu jumladan vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilgan fuqarolarning farzandlarini ham maktablarga berish imkoniyati borligini eslatib o‘tamiz», deyiladi xabarda.

Qayd qilinishicha, joriy o‘quv yilida 738 ming nafar bola birinchi sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga 512 ming nafardan ortiq bola qabul qilingan.

Umumta’lim maktablariga bolalarni 1-sinfga qabul qilish jarayonlari joriy yil 20 iyundan boshlandi. Ma’muriy reglamentga ko‘ra, qabul jarayoni 2 bosqich - 20 iyundan 1 avgustga qadar biriktirilgan mikrohudud doirasida, 1 avgustdan 15 avgustga qadar mikrohududdan tashqari qabul doirasida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid