O‘zbekiston | 19:31 / 08.07.2025
15736
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchda ikki o‘smir ko‘p qavatli uy tomidan qulab halok bo‘ldi

Qizlar 15 va 16 yoshda bo‘lgan. Ular yangi qurilgan ko‘p qavatli uy tomiga eng yuqori qavatdagi ochiq qoldirilgan tuynuk orqali chiqishgan. Qurilish firmasi bu tuynukni nega ochiq qoldirgani ma’lum emas. Bosh prokuratura qizlar o‘z joniga qasd qilganini bildirdi.

Foto: Bosh prokuratura

Xorazm viloyatining Urganch shahrida 2 nafar voyaga yetmagan qiz ko‘p qavatli uy tomidan pastga quladi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi. Ularning har ikkisi voqea joyida halok bo‘lgan.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat kecha, 7 iyul kuni sodir bo‘lgan. Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB navbatchilik qismiga soat 8:15 larda shaharning Nurli hayot ko‘chasidagi 7 qavatli uyning tomidan ikki fuqaro o‘zini pastga tashlab, vafot etgani haqida xabar kelib tushgan.

“O‘tkazilgan tekshiruvda o‘z joniga qasd qilganlar 2009 yilda tug‘ilgan D.S. va 2010 yilda tug‘ilgan S.B. ekani aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda” deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, voyaga yetmagan qizlar ko‘p qavatli uy tomiga eng yuqori qavatdagi tuynuk orqali chiqishgan. Ushbu tuynuk ochiq holatda bo‘lgan. Shuningdek, tahririyatga kelib tushgan videolavhada hali to‘liq foydalanishga topshirilmagan, biroq odamlar ko‘chib kelib yashay boshlagan ko‘p qavatli uyning lift shaxtasi ham xavfli tarzda ochiq holda turganini, unga hali lift o‘rnatilmaganini ko‘rish mumkin.

Ushbu ko‘p qavatli uy qaysi qurilish firmasi tomonidan qurilgani hamda tomga chiqish tuynugi va lift shaxtasi nega bunday xavfli qoldirilgani Kun.uzʼga ma’lum emas. 

Mavzuga oid