O‘zbekiston | 16:53
4817
2 daqiqa o‘qiladi

Barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirildi

Shuningdek, hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan tashqari rahbarlarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmasligi belgilandi.

Foto: Getty images

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda davlat rahbari ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklarning ma’muriy binosi joylashgan ko‘chalar yopib qo‘yilganidan, shusiz ham tirband ko‘chalarda ularning xodimlari yo‘lning 2-3 qatorini «parkovka» qilib olganidan aholi norozi ekaniga e’tibor qaratdi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 15 ming haydovchi o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Poytaxtda ham, yirik shaharlarda ham qonuniy «parkovkalar» yetishmagani uchun ular mashinasini yo‘l bo‘yiga qo‘yishga majburligini bildirgan.

«Umuman, oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yo‘q», dedi prezident.

Mutasaddilarga barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirildi. Vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, «parkovka» qilib olgan hududlarda foto va video kameralar o‘rnatib, jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat xizmatchilari jamoat transportida yurish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Endi hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan tashqari rahbarlarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmasligi belgilandi.

Mavzuga oid