Jahon | 23:09 / 09.07.2025
3515
2 daqiqa o‘qiladi

Estoniya Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketini bloklash bilan tahdid qildi

Yevrokomissiya RFga qarshi sanksiyalarning navbatdagi paketini tayyorlagan. Estoniya unga Rossiya nefti uchun belgilangan eng yuqori narxni tushirish bandi kiritilishini talab qilmoqda.

Foto: TASS

Estoniya agar Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi, 18-paketiga RF nefti uchun belgilangan eng yuqori narxni tushirish talabi kiritilmasa, unga veto qo‘yishi mumkin.

«Bizning pozitsiyamiz aniq: neftning maksimal narxini tushirish ushbu paketga kiritilishi kerak. Bu masalada biz juda qat’iy pozitsiyadamiz», — deydi mamlakat TIV rahbari Margus Tsaxkna.

Yevrokomissiya tomonidan taklif etilgan yangi sanksiyalar paketining dastlabki loyihasida neft narxi bir barreli uchun 60 dollardan 45 dollarga tushirilishi qayd etilgandi. Ammo iqtisodiyoti dengiz tashuvlariga bog‘liq bo‘lgan davlatlar, birinchi navbatda Malta, ushbu bandning kiritilishiga qarshi chiqdi.

Tsaxknaning ta’kidlashicha, aynan neft uchun belgilangan maksimal narxning tushirilishi yangi sanksiyalar paketidagi nisbatan jiddiy band hisoblanadi.

Yevrokomissiya sanksiyalarning 18-paketini iyun boshlarida tayyorlab qo‘ygandi. Takliflar qatoridan, shuningdek, «Shimoliy oqim» gaz quvurlariga, joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan shug‘ullanayotgan banklar va Rossiya harbiy sanoatiga ham sanksiyalar qo‘llash o‘rin olgan.

Paketning dastlabki variantini iyun oxirlarida Vengriya va Slovakiya bloklab qo‘ygandi — ushbu mamlakatlar muntazam ravishda RFga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishiga qarshi chiqib keladi. Hozirda yangi paket bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Mavzuga oid