Jamiyat | 14:47 / 09.07.2025
11032
2 daqiqa o‘qiladi

Farhod ko‘chasidagi avtomobil ehtiyot qismlari bozorida jinoiy guruh a’zolari ushlandi

Ular mijozlarning mashinasiga ruxsatsiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, tovlamachilik yo‘li bilan pul undirishga harakat qilgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri, Uchtepa tumanining Farhod ko‘chasida joylashgan avtomobil ehtiyot qismlari bozorida 12 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Qayd qilinishicha, jinoiy guruh a’zolari mijozning mashinasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, ushbu xizmat bozor narxida 600 AQSh dollari bo‘lishiga qaramasdan, fuqarodan 13300 AQSh dollarini tovlamachilik yo‘li bilan undirgan. E’tiroz bildirgan mijozga qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qilishgan.

Yana bir shunga o‘xshash holatda jinoiy guruh a’zolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni o‘rnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilgan. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali 15 mln so‘m undirishgan.

Bundan tashqari, qonunbuzarlar yana 2 nafar fuqaroning avtomashinasini qo‘shimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan 70 mln so‘m miqdorida pul olib, va’da qilingan ishni bajarmagan.

Ta’kidlanishicha, jinoiy guruh a’zolarining ko‘pchiligi Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan bo‘lib, aksariyati muqaddam sudlangan shaxslar.

Holat bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qo‘lga olinganlarga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid