Jahon | 07:27
1332
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya: HAMAS G‘azoda gumanitar yordamni tortib olayotgani haqida hech qanday dalil yo‘q

Yevropa Komissiyasi vakilining ta’kidlashicha, insonparvarlik yordami «xususiylashtirilmasligi va siyosiylashtirilmasligi kerak».

Foto: Haitham Imad / EPA

Isroilning da’volaridan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqi G‘azoga yuborilgan insonparvarlik yordami Falastinning HAMAS harakati tomonidan tortib olinayotgani haqida hech qanday tasdiqlangan ma’lumotga ega emas, dedi Yevrokomissiyaning inqirozlarga tayyorgarlik bo‘yicha vakili Yeva Grnchirova.

Bryusseldagi kundalik matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Grnchirova G‘azo sektoridagi vaziyat «halokatli» va «o‘ta og‘ir»ligicha qolayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining gumanitar sheriklari mintaqada ishlashda davom etmoqda.

Grnchirova shuningdek, Isroilni gumanitar tashkilotlarning G‘azoga to‘siqsiz kirishini ta’minlashga chaqirdi.

«Bizda yordam yetkazib berish uchun ishlaydigan tizim va infratuzilma mavjud, ularni odamlarni ochlikdan qutqarish uchun zudlik bilan ishga tushirish kerak», dedi u.

Yevrokomissiya vakilining ta’kidlashicha, insonparvarlik yordami «xususiylashtirilmasligi, siyosiylashtirilmasligi yoki mojaro quroli sifatida ishlatilmasligi kerak».

Shu munosabat bilan uning aytishicha, YeI BMT va xalqaro tuzilmalarni chetlab o‘tib, AQSh va Isroil ko‘magida tashkil etilgan G‘azoga yordam jamg‘armasi bilan hamkorlik qilmaydi.

Isroil G‘azodagi xalqaro yordam HAMAS nazorati ostida ekanini da’vo qilishda davom etmoqda. Biroq voqea joyidan olingan videotasvirlardan ko‘rinishicha, yordam yetkazib berish mahalliy falastinlik oilalar va qabila guruhlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid