Jahon | 12:46 / 10.07.2025
2815
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh Isroilning asosiy tanqidchisi - Francheska Albanezeni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

Avvalroq BMT maxsus ma’ruzachisi – Isroil G‘azoda amalga oshirayotgan genotsidga yordam berayotgan va undan foyda ko‘rayotgan AQSh kompaniyalari haqida hisobot chiqargandi. Shundan so‘ng AQSh davlat kotibi Marko Rubio BMT vakilini «Qo‘shma Shtatlar hamda Isroilga qarshi siyosiy va iqtisodiy urush olib borayotganlikda» ayblab, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

​​​​​​​Foto: TRT World

BMTning Falastin bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze xalqaro jinoiy sud tomonidan AQSh va Isroilga qarshi choralar ko‘rishga qaratilgan harakatlari uchun AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.

«Bugun men Francheska Albanezega, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus ma’ruzachisiga, amerikalik va isroillik amaldorlar, kompaniyalar va rahbarlarga nisbatan Xalqaro jinoiy sudni harakatga keltirishga qaratilgan noqonuniy va sharmandali urinishlari uchun sanksiyalar joriy etdim», - deb yozgan Rubio.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Albanezening AQSh va Isroilga qarshi siyosiy va iqtisodiy urush yuritish harakatlariga bundan buyon toqat qilinmaydi. AQSh bu yo‘nalishda barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi.

Marko Rubio Foto: The New York Times

«Biz har doim hamkorlarimizning o‘zini himoya qilish huquqlarini qo‘llab-quvvatlaymiz», - dedi davlat kotibi.

Avvalroq AQSh BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Francheska Albanezeni egallab turgan lavozimidan bo‘shatishni so‘ragan edi.

AQShning BMTdagi doimiy vakolatxonasi 1 iyulda e’lon qilgan yozma bayonotida Albanezeni lavozimidan chetlatish va uni qoralashni talab qilgan. Bayonotda aytilishicha, agar bu borada hech qanday chora ko‘rilmasa, nafaqat BMTning obro‘siga putur yetadi, balki AQSh ham javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi.

Francheska Albaneze, BMT maxsus ma’ruzachisi sifatida Isroilning inson huquqlarini buzishiga barham berish uchun xalqaro miqyosda asosiy ovozlardan biri bo‘lib kelmoqda. Isroil va uning tarafdorlari Albanezeni yillar davomida tanqid qilib, uni BMTdagi lavozimidan chetlatishni talab qilib kelmoqda.

Albaneze kuni kecha Yevropa hukumatlarini ham tanqid qilgandi. Chunki ular urush jinoyatlari uchun Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan qidiruvda bo‘lgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga o‘z havo hududlaridan foydalanishga ruxsat bergan.

Isroil uchun qalqon

AQSh prezidenti Donald Tramp joriy yil fevral oyida Isroilga qarshi harakat qilgan XJS amaldorlariga qarshi ijro farmoyishi chiqarib, sanksiyalar joriy qilgandi. O‘tgan oyda esa Tramp ma’muriyati XJSning to‘rt sudyasiga nisbatan sanksiyalar e’lon qilgan.

Foto: Binyamin Netanyahu va Yoav Galant / Foto: Pool

Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Yoav Galantni G‘azoda insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari, jumladan, falastinliklarni oziq-ovqat, ichimlik suv va dori-darmon kabi yashash uchun zarur vositalardan mahrum qilishda ayblab, rasmiy ayblov qo‘ygan.

Trampning XJS bo‘yicha farmoyishiga ko‘ra, sanksiya joriy etilgan shaxslarning AQShdagi mol-mulklari muzlatiladi, o‘zlari va yaqin oila a’zolari uchun AQShga kirish taqiqlanadi.

Ular o‘z mandatlarini bajaryapti

Albaneze Al-Jazeeraʼga bergan izohida AQShning sanksiyalarini jiddiy qabul qilmaganini bildirgan.

«Mafiya uslubdagi qo‘rqitishlarga izoh yo‘q. Men davlatlarga genotsidni to‘xtatish va uni amalga oshirganlarni jazolash majburiyatlarini eslatish bilan bandman. Shuningdek, undan foyda ko‘ruvchilarni ham».

«Xalqaro siyosat markazi» aql markazi rahbari Nanciy Okayl bu sanksiyalarni «vahimali» deb baholadi:

«BMT ekspertini jazolash bu – AQSh o‘zini diktatura rejimlari kabi tutayotgani alomatidir», - dedi u Al-Jazeeraʼga.

Amnesty International bosh kotibi Agnes Callamard ham bu qarordan «ajablanganini» bildirib, shunday yozdi:

«Biz eslatamiz: maxsus ma’ruzachilar mustaqil ekspertlardir. Ular hukumatlar ko‘nglini olish yoki mashhur bo‘lish uchun emas, balki o‘z mandatlarini bajarayotgan bo‘ladi. Francheska Albaneze xalqaro huquq asosida Isroilning noqonuniy bosqini, aparteid va genotsidini hujjatlashtirish va yoritish uchun tinimsiz ishlamoqda».

U butun dunyo hukumatlarini Albanezega qarshi sanksiyalar ta’sirini yumshatish, ularni bekor qilish va BMT maxsus ma’ruzachilari faoliyatining mustaqilligini himoya qilishga chaqirdi.

Foto: Anadolu

BMT maxsus ma’ruzachisi Isroil G‘azoda amalga oshirayotgan genotsid va unga yordam berayotgan davlatlar, kompaniyalar haqida so‘nggi paytlarda keskin bayonotlar berishni boshlagan edi. Xususan, u yaqinda taqdim qilgan hisobotida «noqonuniy bosib olish va genotsid iqtisodiyotidan foyda ko‘rayotgan AQShning ko‘plab harbiy, texnologik va moliyaviy kompaniyalari» haqida yozgandi. Shuningdek, BMT rasmiysi hamma davlatlarni Isroilga to‘liq qurol embargosini joriy etishga va iqtisodiy aloqalarni uzishga chaqirgan.

So‘nggi 21 oy ichida AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Isroilning G‘azodagi harbiy kampaniyasi natijasida mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, kamida 57 575 falastinlik halok bo‘lgan va hududning katta qismi vayronaga aylangan.

Mavzuga oid