O‘zbekiston | 12:33 / 11.07.2025
846
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda sifati kafolatlanmagan dorilar savdosiga chek qo‘yildi

Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona idoralari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda, Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning yashash xonadoni hamda unga aloqador bo‘lgan avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, “Imudon”, “Tserebrolizin”, “Dofamin”, “Maaloks” kabi jami 78 nomdagi 978 quti sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, Buxoro shahrida yashovchi shaxs uning jinoiy sherigi ekani aniqlandi.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xulosasiga ko‘ra ushbu dori vositalarining 32 nomdagisi davlat reyestrida qayd etilmagani, 57 nomdagisiga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagani, 6 nomdagisi sifatsizligi hamda 4 nomdagisi qalbakilashtirilgani, shuningdek, saqlash sharoitlariga amal qilinmagani sababli, ularni mamlakatda sotish, saqlash va amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi. 

Holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,186-3-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Ta’kidlanishicha, agarda ushbu dori vositalari to‘xtatib qolinmaganida, ular Buxoro shahri, Shofirkon, Peshku va Romitan tumanlaridagi dorixonalar orqali sotuvga chiqib ketgan bo‘lar edi.

Mavzuga oid