Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chiqindidan qarzi borlar 1 avgustdan boshlab svet uchun pul to‘lolmaydi
O‘zbekistonda chiqindidan qarzdor iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatini cheklash 2025 yil 1 avgustdan boshlanadi. Bu tartib chiqindini olib ketish xizmati uchun 2025 yil 1 iyuldan boshlab shakllangan qarzdorlikka taalluqli bo‘ladi.

Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda maishiy chiqindini olib chiqib ketish xizmati uchun to‘lov 2025 yil 1 avgustdan boshlab elektr energiyasi to‘loviga bog‘lab qo‘yiladi. Bunda, chiqindidan qarzdor iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lov qilolmay qoladi.
Bu yangi tartib 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi, deya ma’lum qildi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi.
Chiqindini to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomini kuchaytirishga qaratilgan qonun 2025 yil 7 martda qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.
So‘ngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqami orqali SMS xabarnoma yuboriladi. Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida to‘lanishi lozim.
SMS yuborilganidan keyin abonent 5 kun ichida qarzini to‘lamasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Bu cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan, avtomatik tarzda yechiladi.
Bu tartib 2025 yil 1 iyuldan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 1 avgustidan boshlab qo‘llanadi. 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi.
“Shu o‘rinda, sanitar tozalash korxonalari chiqindi to‘lovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar hisoblanadi! Agar abonentlarga sanitar tozalash xizmati o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilmasa ko‘rsatilmagan kunlardagi xizmatlar uchun to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinadi.
Hurmatli abonentlar, sizda chiqindilarni boshqarish sohasi va xizmat sifatiga doir taklif va shikoyatlar yuzaga kelganda: Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “1205” qisqa raqamiga 24/7 rejimda murojaat qilishingiz mumkin”, – deyiladi agentlik axborotida.
Mavzuga oid

12:15 / 10.07.2025
Andijonda chiqindidan elektr ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlandi

14:57 / 08.07.2025
Yil boshidan buyon qancha “yashil” energiya ishlab chiqarilgani aytildi

18:51 / 26.06.2025
Xitoy quyosh va shamol energiyasini rivojlantirish bo‘yicha rekord o‘rnatdi

13:10 / 23.06.2025