Sport | 11:12 / 11.07.2025
6119
4 daqiqa o‘qiladi

Eldor Shomurodov Turkiya klubiga o‘tdi

«Istanbul Bashakshehir» o‘zbekistonlik hujumchini keyinroq sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi.

Foto: «Istanbul Bashakshehir»

O‘zbekiston milliy jamoasi forvardi Eldor Shomurodov faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettiradi. Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi 29 yoshli futbolchini Italiyaning «Roma» klubidan ijaraga oldi.

Ijara kelishuvi 2025/2026 yillar mavsumi yakunigacha tuzilgan, turklar klubi mavsum so‘ngida uning transfer shartnomasini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.

Avvalroq insayder Fabritsio Romano «Bashakshehir» bir yillik ijara uchun 3 mln yevro to‘lashi, mavsum yakunida yana 2,7 mln yevro to‘lab, futbolchini o‘ziniki qilishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Shuningdek, shartnomada Shomurodovning keyingi sotuvidan rimliklar 10 foiz ulushga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

«O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisini oilamizda qutlaymiz va to‘q sariq-ko‘k rangli libosimizda unga omad tilaymiz», – deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

 

Mazkur jamoa 2024/25 yillar mavsumida Turkiya Superligasi turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab, Konferensiyalar ligasida ishtirok etadigan bo‘lgan.

Futbolchi Rim klubi bilan xayrlashuv maktubini yozdi.

«Rahmat, «Roma»! Endi sizlar bilan xayrlashish vaqti keldi. Bu klub menga unutilmas xotiralar, gollar, kurashlar va ajoyib jamoa, murabbiylar hamda muxlislar bilan bo‘lgan o‘ziga xos lahzalarni berdi.

«Roma» libosini kiyish men uchun sharaf edi. Har bir daqiqa, har bir gol va har bir saboq uchun minnatdorman.

«Roma» doim yuragimda qoladi. Menga ishonch bildirganingiz va doimo qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur.

Yangi sahifa ochilmoqda, lekin bu xotiralar men bilan umr qoladi. Hurmat va muhabbat bilan Eldor Shomurodov», – deb yozadi u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.

Shomurodov yakunlangan mavsumda rimliklar uchun barcha turnirlar doirasida 37 o‘yinda qatnashib, yetti gol urdi va besh golga uzatma berdi (A seriyada 27 o‘yinda 4+4). «Roma» 38 o‘yinda 69 ochko to‘plab, Italiya chempionati turnir jadvalida beshinchi o‘rinni egalladi va keyingi mavsumda YeChLda emas, Yevropa ligasida qatnashadigan bo‘ldi. Mavsum yakunida Klaudio Raniyeri bosh murabbiylik faoliyatini yakunladi, jamoaga uning o‘rniga Jan Piyero Gasperini olib kelindi.

Shomurodov futbolchilik faoliyatining dastlabki davrida «Mash’al» va «Bunyodkor» kabi klublar safida o‘ynagan, 2017-2020 yillarda Rossiyaning «Rostov» klubi safida to‘p surgan, 2020 yilda Italiyaning «Jyenoa» klubi safiga o‘tgan. Hujumchi aynan shu klub safidagi o‘yinlaridan keyin 2021 yilda «Roma» tomonidan sotib olingandi. Ammo u ushbu klubda asosiy tarkib futbolchisi bo‘la olmadi va 2023-2024 yillarda «Spetsiya» va «Kalyari» kabi klublarda ham ijara asosida to‘p tepdi. U o‘tgan mavsumda asosiy tarkibga qaytgandi, ammo Raniyerining ketishi uning keyingi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi.

Oldinroq futbolchiga MLS chempionatidan qiziqish borligi xabar qilingandi.

Mavzuga oid