Jahon | 21:05 / 11.07.2025
3965
9 daqiqa o‘qiladi

“Kavkazda Rossiya endi lider emas, oddiy ishtirokchiga aylanmoqda” - siyosatshunos

Ozarboyjon va Armaniston vositachilarsiz tinchlik kelishuviga yaqinlashmoqda. Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyanning kechagi uchrashuvi bundan buyon Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlik tashqi kuchlarsiz ham ta’minlanishi mumkinligiga ishora qiladi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Jahongir Akramov bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vositachilarsiz Ozarboyjon va Armaniston tinchlik kelishuvi amalga oshadimi?

Jahongir Akramov: Dunyoning barcha mintaqalarida urush harakatlari yoki keskinlik oshayotgan vaqtda Janubiy Kavkazda bir necha o‘n yildan buyon davom etayotgan keskinlikka barham berilib, tinchlik o‘rnatilishi – butun dunyo jamoatchiligi uchun ijobiy holat.

SSSR parchalangandan keyin suveren Ozarboyjonning Qorabog‘ hududida separatistik harakat avj olgan va Armaniston–Ozarboyjon urushi sodir bo‘lgandi. 1994 yilgi Bishkek kelishuvi bilan, o‘t ochish to‘xtatilgan. O‘shanda Ozarboyjon Armanistonni ochiqdan ochiq qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiyani ayblagandi. Chunki Ozarboyjon o‘zining 20 foiz hududidan ayrilgandi.

2020 yilda 44 kunlik urush natijasida Boku o‘z hududining katta qismini qaytarib oldi va Rossiya ham amalda bu hududlar Ozarboyjonga tegishligini qayd etdi. Rossiya uchun, aslida, Janubiy Kavkazda Armaniston va Ozarboyjonning qarama-qarshi turishi manfaatli edi. Bu holat Moskvaga ikkala tomonga ham o‘z so‘zini o‘tkazishga imkon berardi. Lekin so‘nggi vaqtlarda Rossiyaning G‘arb bilan qarama-qarshiligining kuchayishi, Turkiyaning mavqeyi oshishi Ilhom Aliyevga imkon yaratdi. Ozarboyjon qurollanishda faqat Rossiyaga emas, Isroil, Turkiya bilan ham hamkorlik qilib, o‘z armiyasini zamonaviy darajaga chiqara olgani tufayli g‘alaba qozondi.

Armaniston – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining a’zosi. Rossiya bilan yuqoridagi tashkilotlarda birga bo‘lsa ham, 44 kunlik urushda Moskva namoyishkorona betaraf turdi. Yaqinda avj olgan Rossiya–Ozarboyjon ziddiyati fonida, Boku Moskvadan o‘zaro teng munosabatlarni talab qilyapti. Putin, albatta, bunga ko‘nishni istamaydi. U o‘zini MDHda gegemon, xo‘jayin deb hisoblaydi.

Yerevanning ham Rossiyaga nisbatan ishonchi yo‘qoldi. Bilamizki, Qorabog‘ masalasini hal qilish uchun 1994 yilda Minsk guruhi tuzilgan edi. Guruh AQSh, Fransiya va Rossiyadan iborat bo‘lgan va 26 yil davomida bir metr yerni ham Ozarboyjonga qaytarib berisholmagan. O‘rtada vositachilar bo‘lsa, baribir o‘z manfaatini ilgari surishga intiladi, shuning uchun ham Abu-Dabidagi ikki davlat rahbarining to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuvi juda katta o‘zgarishlarga olib keladi, degan fikrdaman.

Kamoliddin Rabbimov: Birinchi marta Arab Amirliklarida ikki davlat rahbari hech qanday vositachisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilyapti. Nima uchun aynan Arab Amirliklari? Chunki bu davlat neytral sifatida ham Ozarboyjon, ham Armaniston tomonidan tan olingan.

Keyingi 5 yil ichida Armanistonning tashqi siyosiy yo‘nalishi tubdan o‘zgardi. Qorabog‘ Ozarboyjon tomonidan mamlakat tarkibiga qaytarildi. Bu – xalqaro huquqqa ko‘ra, Ozarboyjonning yeri. Ozarboyjon Qorabog‘ni kuch bilan qaytarib olganidan keyin ikki davlat o‘rtasida kuchlar nisbatiga oid qarash tubdan o‘zgardi. Ya’ni bu yerda qudratli davlat – Ozarboyjon. Bokuning harbiy salohiyati yuqori. Shu bois Armaniston Ozarboyjon ilgari surayotgan shartlarga ko‘nishga majbur.

Chunki agar kelishuv amalga oshmasa va Ozarboyjon, o‘tgan 30 yil mobaynida Armaniston qilgani kabi, Yerevanga nisbatan agressiya qilsa, Armaniston o‘z hududlaridan ayrilib qolishi mumkin. Chunki Ozarboyjon xuddi Falastin singari ikkiga bo‘lingan davlatga o‘xshaydi. Masalan, Naxichevon viloyati Ozarboyjonning asosiy qismidan ajralgan holda joylashgan.

Armaniston Konstitutsiyasida Qorabog‘ga oid ishora mavjud, “biz bu yerlarni qaytarib olamiz, o‘zimizga qo‘shamiz” degan chaqiriq saqlanib qolgan. Shu sababdan ham tinchlik kelishuviga erishish uchun Armaniston Konstitutsiyasi o‘zgarishi kerak. Chunki ikki tomon kelishuvga qo‘l qo‘ygandan keyin, agar Armanistonda yangi siyosiy rahbar kelsa va tashqi ta’sirlar (Rossiya, Fransiya yoki boshqalar) “qaytadan urushni boshla” deydigan bo‘lsa, oldingi kelishuv kuchini yo‘qotishi mumkin.

Bundan tashqari, masala Zangezur koridoriga ham taalluqli. Agar Armaniston hududi orqali o‘tuvchi har bir mashina to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tadigan bo‘lsa, bu holatda koridor ochishning ma’nosi qolmaydi. Ya’ni Zangezur koridorida erkin harakat mazmuni bosqichma-bosqich yo‘qolishi mumkin. Ozarboyjon buni yaxshi tushunadi. Shuning uchun Armanistonga taklif qilinmoqda: koridorni to‘liq ochasizlar, bunda o‘zingiz ham iqtisodiy foyda ko‘rasizlar.

Kavkazda Rossiyaning bosimi tugadi, deyish mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: Janubiy Kavkazda uchta davlat bor: Ozarboyjon, Armaniston va Gruziya. Gruziya Rossiya bilan bo‘lgan urushdan so‘ng MDHdan chiqib ketgan va Rossiya bilan diplomatik aloqalarini uzgan. Ya’ni hozir ular o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri diplomatik munosabatlar mavjud emas.

Shu bilan birga, Gruziyada ichki siyosiy kurash davom etmoqda. Ikkita asosiy konseptual yondashuv bor. Birinchi qarash – “biz G‘arbga yo‘nalish olishimiz, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishimiz kerak” degan fikr, bu – Saakashvili tarafdorlarining pozitsiyasi. Ikkinchi yondashuv – “nima bo‘lmasin, bizning katta va qudratli qo‘shnimiz – Rossiya, Moskva bilan hisoblashishimiz lozim” degan fikr. Hukmron “Gruziya orzusi” aynan shunday pozitsiyaga ega.

Agar Armaniston Ozarboyjon va Turkiya bilan tinchlik kelishuviga erishsa, mamlakat hududida joylashgan (Gumri shahridagi) Rossiya harbiy bazasini chiqarib yuborishi va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan (KXShT) chiqishi ehtimoli bor. Chunki so‘nggi ikki yilda Armaniston KXShTning o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etmayapti.

Ozarboyjon esa mintaqadagi va possovet makonidagi geosiyosiy maqomini qayta ko‘rib chiqmoqda. Ilgari Rossiya “katta aka” sifatida namoyon bo‘lgan bo‘lsa, bugun Ozarboyjon “teng muloqot qilamiz”, deya pozitsiyasini yaqqol bildirmoqda.

Jahongir Akramov: E’tibor berish kerakki, 2026 yilda Armanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi va aynan shu saylovdan so‘ng Konstitutsiya o‘zgarishi mumkin. Bu holatni ham Pashinyan, ham Aliyev yaxshi tushunib turibdi.

Ikkinchidan, Rossiya–Ukraina urushi ham bir kunda tugab qolishi mumkin. Shu sharoitda Janubiy Kavkazda Rossiyaning ta’siri susaygan bir vaqtda, mintaqa davlatlari o‘zaro yarashish orqali Rossiya bilan yangi geosiyosiy muvozanat yaratishga harakat qilmoqda.

Shu bilan birga, unutmaslik kerak: Rossiya hali ham geografik jihatdan Kavkazdagi eng yirik davlat hisoblanadi. Uning Shimoliy Kavkaz hududi – Janubiy Kavkazdagi uch davlat (Gruziya, Armaniston, Ozarboyjon) hududlaridan ham kattaroq. Geografiya – taqdir. Shuning uchun ham mintaqa davlatlari ma’lum darajada bir-birlariga yordam bermoqda.

Kutilayotgan tinchlik kelishuvi natijasida Rossiya endi Janubiy Kavkazda lider sifatida emas, balki oddiy ishtirokchi sifatida qoladi. Eng asosiy geosiyosiy rolni esa Turkiya egallashi ehtimoli yuqori. Turkiya ta’siri bugungi kunda Rossiyanikidan ko‘ra kuchliroq bo‘lishi mumkin.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube sahifasimizda tomosha qilishingiz mumkin.

Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid