Jahon | 16:42 / 13.07.2025
9617
9 daqiqa o‘qiladi

«Tarixchi va kontrrazvedkachi». Kiyevda o‘ldirilgan UXX polkovnigi Ivan Voronich haqida nimalar ma’lum?

Amerikadagi New York Times gazetasi Ukraina xavfsizlik kuchlarining chorshanba kuni tongda Kiyevda otib o‘ldirilgan polkovnigi Ivan Voronich Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyotida muhim rol o‘ynagani haqida yozdi. Ukraina xavfsizlik xizmatlarining o‘ldirilgan xodimi haqida yana nimalar ma’lum?

NYT maqolasida aytilishicha, Voronich UXXda o‘nlab yillardan buyon ishlab kelgan va «Alfa» maxsus amaliyotlar markazi ofitseri bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, bu bo‘linma «o‘tgan yozda Ukraina harbiylari Rossiyaning Kursk oblastiga uyushtirgan kutilmagan hujumida» muhim rol o‘ynagan. Bu hujum natijasida ukrain qo‘shini Rossiya hududining bir qismini egallab olib, keyingi sakkiz oy davomida bu hududlarni o‘z nazoratida ushlab turgandi.

Ukrainalik harbiy va razvedkachi, ilgari UXXda ishlagan Roman Chervinskiyning aytishicha, Voronich Ukraina xavfsizlik xizmatining «hozirda rossiyaliklarga ko‘p muammo tug‘dirayotgan» yo‘nalishiga asos solganlardan biri bo‘lgan.

«Bugun shaxsan men va UXXning ko‘plab vatanparvar xodimlari uchun yo‘qotish ro‘y berdi. Dushman diversanti tomonidan ofitser (polkovnik) Voronich Ivan Ivanovich o‘ldirildi», – deb yozdi Chervinskiy qotillik sodir etilgan kuni ijtimoiy tarmoqlarda.

O‘sha kungi bayonotida UXX qotillikni tekshirayotganini ma’lum qilgan, biroq boshqa hech qanday ma’lumot taqdim etmagandi.

13 iyul kuni UXX rahbari Vasiliy Malyuk polkovnik Ivan Voronich Rossiya maxsus xizmatlari agentlari tomonidan o‘ldirilgani, ular «yo‘q qilingani» haqida bayonot berdi.

U bu haqda feysbukda e’lon qilingan videoda ma’lum qilgan. Malyukning so‘zlariga ko‘ra, FXX xodimlarini qo‘lga olish uchun o‘tkazilgan «maxsus amaliyot vaqtida» ular qarshilik ko‘rsatgan va o‘ldirilgan. Malyukning so‘zlariga ko‘ra, oldinroq Ukrainaga kiritilgan bu ayol va erkak Voronichni kuzatib borishgan, uning kun taqvimi va harakat yo‘nalishlarini aniqlashgan.

Kreml tarafdorlari Voronichning o‘ldirilishini olqishladi, deb yozadi NYT; ular bu oxirgi holat emasligiga umid bildirmoqda.

2014 yilda Ukraina sharqida harbiy harakatlar boshlanganidan beri, ikki davlat razvedka xizmatlari o‘rtasida o‘zaro qotilliklar odatiy holga aylangan, deb yozadi gazeta.

Nashr mualliflari Voronichning sobiq hamkasbiga tayanib yozishicha, u ma’lum vaqt davomida bunday hujumlar bilan shug‘ullangan maxsus bo‘limga qo‘mondonlik qilgan. «Beshinchi boshqarma nomi bilan tanilgan, MRBdan texnik yordam olgan bu bo‘lim „Motorola“ laqabi bilan tanilgan rossiyalik ayirmachilar qo‘mondoni Arsen Navlovning o‘ldirilishiga mas’ul bo‘lgan», – deb yozadi NYT.

Gazeta Voronich Motorolani o‘ldirish vaqtida ushbu bo‘limga rahbarlik qilganiga aniqlik kiritmagan.

Bunga javoban Rossiya Kiyev markazida harbiy razvedka xizmatining yuqori martabali zobitining avtomobilini portlatib, uni o‘ldirgandi.

Nashr mualliflari ta’kidlashicha, keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri UXX ko‘plab dadil maxfiy operatsiyalarni amalga oshirgan, vaholanki, Rossiyaning bunday harakatlari Ukrainada kamdan kam amalga oshiriladi. «Agar [Kiyevdagi] qotillik ortida Rossiya turgan bo‘lsa, bu uning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri muvaffaqiyatli maxfiy operatsiyasining noyob namunasi bo‘ladi», – deb yozadi New York Times.

«Barrikadaning ikki tomonida»

Ivan Voronich bilan tanish bo‘lgan harbiy va UXXning sobiq xodimi Yuriy Mixalchishin BBC Ukraina xizmatiga ushbu polkovnik haqida gapirib berdi.

Ular qiziq vaziyatda tanishib qolishgan. «Barrikadalarning ikki tomonida», deya ifodalaydi buni Mixalchishin. Bu 2011 yilda sodir bo‘lgan, o‘shanda Voronich UXXning Lviv oblasti bo‘yicha boshqarmasida milliy davlatchilikni himoya qilish bo‘limida ishlagan, Mixalchishin esa Lviv shahar kengashi deputati edi.

Polkovnik Ivan Voronich o‘ldirilgan hovlida politsiyachilar ishlamoqda

O‘sha paytda prezident Viktor Yanukovich bo‘lgan, uning rejimi, Mixalchishinning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘cha va parlament muxolifatiga qarshilik ko‘rsatgan». BBC suhbatdoshi hukumatning harakatlariga qarshi chiqadi va nutqlaridan birida o‘sha paytdagi ruslashtirish siyosatini qoralaydi.

Rossiya taraf bo‘lgan Regionlar partiyasi (uni Yanukovich boshqargan) deputatlari jinoiy ish qo‘zg‘atishni talab qiladi, UXXning Lviv oblasti boshqarmasi esa ish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazishi kerak edi. Mixalchishinni guvoh sifatida so‘roqqa chaqirishadi, uni esa o‘sha paytda mayor bo‘lgan Ivan Voronich kuzatib qo‘yadi.

«Va biz u bilan gaplashishni boshlaganimizdan so‘ng jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror chiqdi», – deya hikoya qiladi Mixalchishin.

UXXning sobiq xodimi Yevropa inqilobi chog‘ida ushbu maxsus xizmatdan norozilik faolligini nazorat qilish talab etilgani, lekin «sofdil ofitserlar rossiyaparast rahbariyatning buyruqlarini to‘xtatishga uringani»ni eslaydi.

2014 yilning 18–19 fevral kunlari, Kiyevdagi Maydonda otishmalar boshlanganidan keyin Lvivda ham «g‘azab kechasi» nomini olgan voqealar bo‘lib o‘tadi, shahardagi binolar vayron qilinadi, hujjatlar yoqib yuboriladi va talonchlik holatlari kuzatiladi.

«O‘shanda Ivan Voronich o‘z joyida turib, bu odamlar o‘limiga olib kelmasligi va hokimiyatga Lviv oblastida aksilterror operatsiyasi rejimini joriy etish imkonini beradigan ommaviy tartibsizliklar kelib chiqmasligi uchun hamma chorani ko‘rishga harakat qilgan», – deya tushuntiradi Mixalchishin.

Uning hisoblashicha, o‘shanda Rossiya maxsus xizmatlari bunday voqealar Ukrainada fuqarolik urushiga olib kelishini mo‘ljal qilgandi.

Mixalchishin o‘sha kunlar «Voronich uchun murakkab va keskin bo‘lgani», keyiroq uni UXXning Kiyevdagi markaziy apparatiga o‘tkazishganini aytadi.

Kontrrazvedkadagi faoliyat

Ukraina kuchlarining rossiyaparast ayirmachilar va Donbassdagi rus qo‘shinlariga qarshi olib borilgan aksilterror operatsiyasi boshlanganidan so‘ng u kontrrazvedka xizmatiga o‘tadi. Keyinchalik, Mixalchishinning eslashicha, Voronich birinchi yig‘ilgan guruhlardan biri tarkibida ATO zonasidagi vazifalarni bajarishga yo‘l olgan.

Mixalchishinning so‘zlariga ko‘ra, u «Yamal» qo‘poruvchilik guruhi a’zolarini qo‘lga olishda ishtirok etganlardan biri bo‘lgan. (2014 yilda UXX xodimlari Luhansk oblastining Severodonetsk shahri yaqinida Rossiya qo‘poruvchilarining lageri aniqlangani va zararsizlantirilganini ma’lum qilgan, qo‘poruvchilar guruhiga RF armiyasining «Yamal» laqabli harbiysi rahbarlik qilgan).

«Kamtar, vatanparvar va to‘g‘ri ofitser», – deb ta’riflaydi Mixalchishin o‘ldirilgan polkovnikni.

2014-2016 yillarda Mixalchishin UXXda ishlaganida, endi u Voronich bilan hamkasb sifatida to‘qnash keladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ivan Ivanovich ma’lumoti bo‘yicha tarixchi bo‘lgan va «Ukraina isyonchi partizan harakatining dramatik mag‘lubiyati»ni og‘ir qabul qilgan. Mixalchishinning so‘zlariga ko‘ra, Voronich XX asrdagi Ukraina ozodlik kurashi tarixiga qiziqqan, partizan armiyasi saboqlarini o‘rgangan.

Voronich asli Karpatortidan bo‘lib, Lvivga faqat talabalik chog‘ida ko‘chib kelgan bo‘lsa-da, «u men uchun galitsiyalik ziyoli edi», deydi Mixalchishin.

«Urushni ularning hududiga ko‘chirish»

Tarkibida Voronich ham bo‘lgan kontrrazvedka bo‘linmalari 2015-2022 yillarda «dushman hududida ham ishlagan, o‘sha paytda bu juda qiyin edi, chunki umumiy kurs dushmanni provokatsiya qilmaslik hisoblangan».

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng esa bu «ustuvor va yagona zaruratga aylandi – ruslarga qarshi turish va urushni ularning hududiga ko‘chirish», deydi Mixalchishin.

Oxirgi marta Mixalchishin va Voronich 2022 yil kuzida Kiyevda uchrashgandi.

Polkovnik Voronichni 10 iyul kuni ertalab Kiyevdagi uyi hovlisida otib ketishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan videoda qora kiyimdagi odam avtoturargohda uning ortidan yugurib, bir necha marta o‘q uzganini ko‘rish mumkin.

«Ukrainskaya pravda» nashri manbasiga ko‘ra, noma’lum erkak to‘pponchadan polkovnikka qarata 5 marta o‘q uzgan.

Mavzuga oid