Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Enrike o‘yindan keyingi janjalga aralashdi va raqib futbolchisini urib yiqitdi
Parijliklar finaldagi mag‘lubiyatga chidolmadi.

2025 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati mojaro bilan yakunlandi. «Chelsi» finalda kutilmaganda «PSJ»ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va bosh sovrinni o‘ziniki qildi. O‘yin yakunlanganidan keyin ikki jamoa futbolchilari bir-biriga qo‘l berish o‘rniga ommaviy janjal uyushtirishdi.
O‘yin oldidan autsayder sifatida qaralgan «Chelsi» ilk daqiqalardan katta kuch bilan oldinga tashlandi va ketma-ket xafvli vaziyatlarga ega bo‘ldi. Turnir davomida Diyego Simeonening «Atletiko»si, Messi yetakchiligidagi «Inter Mayami» va Habi Alonso boshqaruvida yangi davrga kirgan «Real»ni bir xilda 4:0 hisobida yer tishlatgan «PSJ» esa o‘ziga o‘xshamadi.
Joriy mavsum uchun «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishga asosiy nomzod sifatida qaralayotgan Usmon Dembele navbatdagi yorqin o‘yinini namoyish etishi kutilgandi, lekin bu oqshom londonliklar yetakchisi Koul Palmerga ataldi. U avvaliga sakkiz daqiqa ichida egizak gollar urdi, biroz o‘tib Joau Pedrini golli uzatma bilan ta’minladi.
Voqealar rivoji kutilmagan ssenariyda ketishi «PSJ» futbolchilarini izdan chiqarib yubordi. Ushbu jamoa futbolchilari ikkinchi bo‘limda juda qo‘pol o‘ynay boshlashdi. Ayniqsa yarimhimoyachi Joau Nevesh bu borada ajralib turdi. U o‘zi uchun qurbon sifatida «Chelsi» himoyachisi Mark Kukurelyani tanladi. Avvaliga portugaliyalik futbolchi hujumda muvaffaqiyatli pas berolmagach, ispaniyalik himoyachini urib ketdi. Kukurelya gazonga yiqilib, jiddiy jarohat olgandek tomosha ko‘rsatdi. Nevesh uni turg‘azib qo‘yishga urindi, ammo jabrlanuvchi bunga unamadi, raqib nari ketganidan keyin esa hech narsa bo‘lmagandek o‘rnidan turib o‘yinni davom ettirdi.
Bu holat tabiiyki Neveshga umuman yoqmadi. Bir necha daqiqa o‘tib Joau oddiy epizodda Kukurelyani ayyorligi uchun jazolashga qaror qilib, uning sochlaridan tortib yiqitdi.
O‘yin bosh hakami Alirizo Fag‘oniy videotakrordan keyin «PSJ» yarimhimoyachisi maydondan chetlatdi.
Keyin esa ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan «PSJ» forvardi Gonsalu Ramush ham «Chelsi» hujumchisi Liam Delapga nisbatan o‘ta qo‘pol harakat qildi. Bu vaqtda o‘yin yakuniga ko‘p qolmagan va amalda parijliklarning o‘yinni qutqarib qolishga imkoni yo‘q edi. Mag‘lubiyatga chiday olmagan fransuzlar xunuk harakatlardan o‘zini tiya olmadi.
Bu hali hammasi emasdi. O‘yin yakunlangani haqidagi hushtak chalinganidan keyin londonliklar g‘alabani istagandek nishonlay olishmadi.
Janjal parijliklar darvozaboni Janluidji Donnarumma londonliklar hujumchisi Joao Pedro bilan tortishuvidan boshlandi. Keyin vaziyatga «PSJ» himoyachisi Nunu Mendesh qo‘shildi. Fransuzlar bosh murabbiyi Luis Enrike ham voqea joyiga yetib keldi va raqib futbolchisini o‘z futbolchilaridan uzoqlashtirishga kirishdi.
Lekin u bu pallada o‘zini o‘ta tajovuzkor tutdi va «Chelsi» forvardining bo‘yin sohasiga ketma-ket zarbalar yo‘lladi, futbolchi esa gazonga yiqilib qoldi.
Shundan keyin janjal ko‘lami kattalashdi va «Chelsi» murabbiyi Enso Mareska ham voqea joyiga yetib keldi. U vatandoshi Donnarummani nari olib ketdi.
Parijliklar himoyachisi Presnelyu Kimpembe esa ustozini mahkam ushlab oldi.
Yakunda xavfsizlik xizmati xodimlari futbolchilarni ajratishga muvaffaq bo‘lishdi.
O‘yindan keyin «PSJ» ustozi «faqat futbolchilarni ajratmoqchi bo‘lgani, vaziyat yanada yomonlashishini istamagani»ni aytib o‘tdi.
Joao Pedro esa keskinroq bayonot berdi: «Men «PSJ» futbolchilari qurshovida qolgan Andrey Santosni himoya qilish uchun bordim. Haqiqiy braziliyalik sifatida jamoadoshimni himoya qilmoqchi edim. U yerda esa odam ko‘payib ketdi va talato‘pda meni turtib yuborishdi. Bunday holatlar o‘yinning bir qismi. Menimcha, ular yutqazishni bilishmaydi, ammo bu ham futbolning bir qismi. Endi g‘alabani nishonlaymiz».
Nega bunday bo‘ldi?
«PSJ» yilni ajoyib o‘tkazdi — jamoa odatdagidek Fransiyadagi barcha sovrinlarni (chempionat, kubok va Superkubok) qo‘lga kiritishdan tashqari o‘z tarixida ilk bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi. Kartina to‘liq bo‘lishi uchun faqat klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi g‘oliblik qolgandi — ammo parijliklar buning o‘rniga finalda yirik hisobda yutqazdi.
«PSJ» futbolchilari mag‘lubiyatni hazm qila olishmadi. Natijada Luis Enrike jamoasi mavsum davomidagi kam sonli mag‘lubiyatlaridan birini janjalga aylantirishdi va o‘zi haqidagi taassurotga dog‘ tushirdi.
Bu Enrike uchun faoliyatida ilk bor finalda yutqazishi bo‘ldi, u bungacha 12 finalda g‘alaba qozongandi. Uning harakati izsiz ketmasligi tayin. Fransiyadagi L`Equipe gazetasi FIFA turnir imiji haqida qattiq qayg‘urishi va shu sababli Enrike o‘zining yomon xulqi uchun «tegishli tartibda jazolanishi» kutilayotganini yozgan.
Mavzuga oid

02:13 / 14.07.2025
«Chelsi» finalda dahshatli «PSJ»ni yirik hisobda yengdi

17:41 / 13.07.2025
Yozning asosiy o‘yini: «PSJ» va «Chelsi» klublar mundiali finalida to‘qnashadi

08:07 / 10.07.2025
«PSJ» «Real»ga ham hech qanday imkon qoldirmadi

09:30 / 06.07.2025