O‘zbekiston | 10:04 / 14.07.2025
4967
2 daqiqa o‘qiladi

Oliygohlarga kirish imtihonlari boshlandi

Bu yil 671 397 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etadi. Imtihonlar 10 kun davomida 2 smenada tashkil qilinadi.

Foto: Kun.uz

Bugun, 14 iyuldan 2025/2026 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlariga start berildi.

Erta tong soat 06:30 dan 08:00 ga qadar abituriyentlar belgilangan binolarga kelib, maxsus tekshiruvlardan o‘tdi va imtihon xonalariga joylashdi.

08:00 dan belgilangan fanlar bo‘yicha testlarni yechish boshlandi. Savollar abituriyentlar ko‘z oldida maxsus shtamplangan qog‘ozdan ochib tarqatildi.

Ayni vaqtda respublika bo‘ylab 65 ta yopiq turdagi katta sig‘imli binoda imtihon bo‘lib o‘tmoqda. Jarayonlar maxsus kameralar hamda nazoratchilar orqali kuzatib borilyapti.

Bir smenada 1169 ta guruhda 35 070 nafar, bir kunda esa 70 140 nafar abituriyentning imtihonda ishtirok etishi ta’kidlangan.

Ma’lumot o‘rnida, bu yil 671 397 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 426 685 nafarini (63,6 %) joriy yil bitiruvchilari tashkil etadi.

Test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan abituriyentlarning 361 019 nafarini (53,8 %) xotin-qizlar, 310 378 nafari (46,2 %) erkaklardan iborat.

Imtihon topshirish hududi bo‘yicha eng ko‘p Toshkent shahrida 115 989 nafar, Samarqand viloyatida 72 305 nafar, Farg‘ona viloyatida 66 383 nafar, Qashqadaryo viloyatida 62 484 nafar va Andijon viloyatida 56 025 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Test sinovlari 23 iyulga qadar 10 kun mobaynida o‘tkaziladi.

Jarayonlar bilan Kun.uzʼning navbatdagi reportajlarida tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid