Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ruslar qandaydir tarixchi bilan keldi». NATO bosh kotibi Istanbuldagi Rossiya delegatsiyasi tarkibini tanqid qildi
Mark Ryutte RF prezidenti Putin Istanbuldagi Ukraina bilan tinchlik muzokaralariga «jiddiy odamlarni» yubormagan deb hisoblaydi.

Foto: Getty Images
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya prezidenti Vladimir Putin Istanbuldagi Ukraina bilan tinchlik muzokaralariga «jiddiy odamlarni» yubormagan deb hisoblaydi. Bu haqda u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Siz [Donald Tramp] Marko Rubio va Stiv Uitkoff bilan birgalikda Istanbuldagi ushbu muzokaralarni boshlaganingizni eslayman. O‘zim ham may oyida NATO ishlari bo‘yicha Turkiyada bo‘ldim va biz Istanbulga jiddiy delegatsiya yuborishlari uchun ukrianaliklarga rostdan ham bosim o‘tkazdik. Va ular buni amalga oshirdi. Ammo keyin ruslar Rossiyaning 1250 yildan boshlab tarixini tushuntirishga kirishgan qandaydir tarixchi bilan keldi», — dedi Ryutte.
Aftidan, u Rossiya delegatsiyasi boshlig‘i, RF prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiyni nazarda tutgan — u tarix fanlari bo‘yicha doktorlik darajasiga ega.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ryuttening bayonotini «abrakadabra» deb atab, «masalaning tarixini bilmasdan turib, biror muammoni yechib bo‘lmasligi, faqat chuqurlashishi mumkinligi»ni ma’lum qildi.
Ryutte oldin ham tinchlik muzokaralarini olib borishga mas’ul Rossiya delegatsiyasi rahbarini tanqid qilgandi. Iyunda u urush tugashi uchun muzokaralarga «Istanbulda ikki marta paydo bo‘lib, Rossiya va Ukrainaning XII asrdan boshlab tarixini aytib bergan tarixchi emas, Putin kerakligini» aytgandi. Medinskiy bunga javoban Ryutte «XII asrda Ukraina bo‘lmagani»ni bilib olishi uchun unga darslik yuborishni taklif qilgan.
Vladimir Medinskiy 2022 yilda ham Istanbuldagi tinchlik muzokaralarida Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgandi. Joriy yilda esa Rossiya va Ukraina Turkiya poytaxtida ikki marta muzokara o‘tkazdi — 16 may va 2 iyun kunlari. Unda tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish shartlari haqida takliflar almashdi, shuningdek, harbiy asirlar va halok bo‘lganlar askarlar jasadlarini almashishga kelishib oldi. Muzokaralarning birinchi raundida Medinskiy Rossiya «abadiy urushishga» tayyorligini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid

21:23 / 15.07.2025
Qurollanishning yangi davri boshlandi. Harbiy budjeti eng katta davlatlar qaysi?

21:58 / 14.07.2025
Yil boshidan beri urushda 100 ming rossiyalik askar halok bo‘ldi - NATO bosh kotibi

14:36 / 10.07.2025
Kansler Mers Germaniyaning NATOda yetakchi bo‘lishini xohlayapti

11:02 / 10.07.2025