Jahon | 23:36 / 15.07.2025
4514
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Zelenskiy Moskvaga hujum qilmasligi kerakligini aytdi

Financial Times Donald Tramp Zelenskiy bilan muloqotda Ukrainani Moskva va Peterburgga zarbalar berishga chaqirgani haqida yozdi. AQSh prezidenti esa jurnalistlarning bu boradagi savoliga javob qaytardi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Moskvaga hujum qilmasligi kerakligini aytdi, deb xabar beradi Reuters.

«Yo‘q, u [Zelenskiy] Moskvaga hujum qilmasligi kerak», — dedi Tramp jurnalistlarning Ukraina Moskvaga zarbalar yo‘llashi kerakmi degan savollariga javoban.

AQSh prezidenti bunday bayonotni Financial Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Tramp iyul boshlarida Zelenskiy bilan suhbatda Ukrainani Moskva va Peterburgga hujum qilishga chaqirgani haqida yozganidan keyin bildirib o‘tdi.

Ushbu maqoladan keyin Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt «Financial Times o‘lib borayotgani sabab, e’tibor tortish maqsadida kontekstdan so‘zlarni yulib olishi bilan tanilganini» ma’lum qildi.

Tramp va Zelenskiy 4 iyulda bo‘lib o‘tgan suhbatda Ukraina Qurolli kuchlarining Moskvaga zarbalarini muhokama qilgani to‘g‘risida The Washington Post gazetasi ham yozgan edi.

Mavzuga oid