Jahon | 09:39
667
3 daqiqa o‘qiladi

YeI AQShga qarshi javob bojlarini joriy etishni 1 avgustga qoldirdi

Yevropa Ittifoqi Donald Tramp bilan kelishuvga erishish umidida 1 avgustgacha AQSh tovarlariga javob bojlari joriy qilmaydi, dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.

Foto: Dado Ruvic/REUTERS

Yevropa Komissiyasi 14 iyulda AQSh bilan bojxona mojarosida javob choralarini ilgari rejalashtirilganidek joriy qilmaydi, lekin ularni avgust oyining boshiga qoldiradi, deb yozdi Reuters Yevropa Ittifoqi raisi Ursula fon der Lyayyenga tayanib. Siyosatchi o‘z qarorini avvalroq 1 avgustdan boshlab Yevropa Ittifoqiga 30 foizlik bojlar kiritish bilan tahdid qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan kelishuvga erishish mumkinmi yoki yo‘qmi, shuni ko‘rish istagi bilan izohladi.

Vashington avvalroq bir qator bojxona to‘lovlarini, jumladan, Yevropa mahsulotlariga ham oshirganligi sababli, YeIning javob choralari 14 iyul, dushanba kuni kuchga kirishi kerak edi. Biroq Reuters manbalariga tayanib yozishicha, Germaniya hukumati va boshqa ba’zi davlatlar maslahatlashuvlar chog‘ida AQSh bilan muzokaralarni murakkablashtirmaslik uchun bu qadamdan voz kechish tarafdori bo‘lgan.

Bir kun oldin Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi eksportiga 30 foizlik bojlarning joriy etilishi «muhim transatlantik ta’minot zanjirlarini buzishi, Atlantikaning ikkala tomonidagi korxonalar, iste’molchilar va bemorlarga zarar yetkazishi» haqida ogohlantirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Bryussel 1 avgustga qadar AQSh bilan kelishuvga erishish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyor. «Shu bilan birga, biz YeI manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz, jumladan, kerak bo‘lsa, mutanosib javob choralarini ko‘ramiz», — deya xulosa qildi siyosatchi.

Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta Yevropa Ittifoqi «birlashgani»ni va o‘z manfaatlarini «himoya qilishga tayyor»ligini aytdi. «Tariflar — bu soliq. Ular inflatsiyani kuchaytiradi, noaniqlikni keltirib chiqaradi va iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qiladi. Biz butun dunyo bo‘ylab kuchli savdo hamkorligini qurishda davom etamiz», — dedi u.

Mavzuga oid