Jahon | 15:02
8378
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Trampda surunkali venoz yetishmovchiligi bor

AQSh prezidenti Donald Trampga surunkali venoz yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi, dedi Oq uy matbuot kotibi.

Foto: Nathan Howard/REUTERS

17 iyul, payshanba kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt shifokor xulosasiga tayangan holda xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Trampga surunkali venoz yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi, bu kasallik oyoqlarda qon aylanishining buzilishi bilan bog‘liq. Uning bayonoti bir qator ommaviy axborot vositalarida Trampning to‘piqlari shishib ketgani va qo‘lida ko‘karish borligi haqida xabar berilganidan keyin e’lon qilindi.

Livittning so‘zlariga ko‘ra, tahlillar va ultratovush tekshiruvlari 79 yoshli siyosatchida «chuqur tomirlar trombozi yoki arterial kasallik belgilari»ni aniqlamagan. Shuningdek, u yurak yetishmovchiligi yoki buyrak funksiyasining buzilishi alomatlarini ko‘rsatmadi, deya qo‘shimcha qildi matbuot kotibi. Uning aniqlik kiritishicha, ko‘karishlar tez-tez qo‘l berib ko‘rishish va yurak-qon tomir kasalliklarini oldini olish bo‘yicha standart dasturning bir qismi bo‘lgan aspirin qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Aprel oyida Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng kasalxonada birinchi yillik tibbiy ko‘rikdan o‘tdi, deb eslaydi dpa agentligi. O‘shanda u kognitiv testdan muvaffaqiyatli o‘tganini e’lon qilgan edi.

«Umuman olganda, men juda yaxshi formada ekanligimni his qildim. Yaxshi yurak. Yaxshi qalb. Juda yaxshi qalb», — dedi Tramp.

Mavzuga oid