Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida Transafg‘on temir yo‘li bo‘yicha bitim imzolandi
Bitim temir yo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqilishini nazarda tutadi.

Foto: Transport vazirligi
O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston «Termiz - Noibobod - Maydonshahr - Logar - Xarlachi» yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish to‘g‘risida hukumatlararo bitimni imzoladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar berdi.
Kelishuv 17 iyul kuni Kobulda uch davlat tashqi ishlar vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama sammitda imzolangan. Hujjatga O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov, Pokiston temir yo‘llari vaziri Muhammad Hanif Abbosiy va Afg‘oniston muvaqqat hukumatida jamoat ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Iso Soniy imzo chekdi.
Yo‘nalish 2023 yil iyul oyida Islomobodda loyihaga a’zo davlatlar vakillari tomonidan kelishilgan. Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish strategiyasining uchtomonlama loyiha ofisi TIA tayyorlash bilan bog‘liq ishlarga buyurtmachi bo‘ladi. U 2023 yil may oyida Toshkentda tashkil etilgan bo‘lib, Kobul va Islomobodda filiallariga ega.
Transafg‘on temir yo‘li loyihasi 17 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Afg‘oniston ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sirojiddin Haqqoniy bilan uchrashuvi mavzusi bo‘ldi. Saidov, xususan, so‘nggi bir yil ichida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobarga oshganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va turli sohalardagi hamkorlikni faollashtirish istiqbolli va butun mintaqa uchun foydalidir.
O‘z navbatida, Haqqoniy O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan «yaxshi niyat, konstruktiv hamkorlik va birodarlik ruhini» yuqori baholab, temir yo‘l loyihasining strategik ahamiyatini qayd etdi va uning butun mintaqada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish salohiyatini ta’kidladi.
Birinchi marta 2018 yilda taklif etilgan Transafg‘on temir yo‘li loyihasi O‘zbekistondagi Termiz shahrini Afg‘onistonning Mozori-Sharif va Kobul shaharlari bilan, so‘ngra Pokistonning Peshovar shahri bilan bog‘lashga qaratilgan. Qurilish tugallangach, temir yo‘l Afg‘oniston orqali 700 kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilib, Markaziy Osiyo va Arabiston dengizi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruqlik yo‘nalishini yaratadi. Loyiha qiymati dastlab 5 mlrd dollarga baholangan, keyinroq bu raqam 7 mlrd dollarga yetkazilgan.
Loyiha Rossiya, Eron va xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu yo‘nalish orqali Markaziy Osiyodan Pokiston portlariga yuklarni yetkazib berish vaqti bir necha haftadan bir necha kungacha qisqarishi kutilmoqda.
Mavzuga oid

12:30
O‘zbekiston va Pokiston Boburiylar sulolasi tarixi bo‘yicha qo‘shma tadqiqot o‘tkazadi

12:15
Baxtiyor Saidov Kobulda Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi bilan uchrashdi

16:42 / 14.07.2025
Afg‘oniston xalqaro miqyosda tan olinishi uchun barcha shartlarni bajarganini e’lon qildi

10:56 / 12.07.2025